Chiqindi to‘plash va olib chiqish: To‘lov intizomi mustahkamlanadi

 Chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun to‘lovlarning 60 foizi har oyda, 40 foizi 6 oydan 1 yilgacha bo‘l­gan muddatda amalga oshirilmoqda. Aholining to‘lov intizomi qishloq joylarida 57 foiz, shaharlarda 71 foizni tashkil etmoqda.

Ushbu ko‘rsatkichlardan ko‘rinib turibdiki, sohada to‘lov intizomini mustahkamlash, pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmasi va maqsadsiz foydalanilishining oldini olish zarur.

Shu sababli 2018 yil 22 noyabrda Prezidentimizning "Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun to‘lovlarni to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon maishiy chiqindilar bilan bog‘liq tizimni yanada rivojlantirish, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash, aholini sifatli sanitar tozalash xizmatlari bilan ta’minlash sifatini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.

Farmonga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlar to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash majburiy ijro byurosi tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, majburiy ijro byurosi organlari bir oylik muddat ichida Markaziy bank bilan birgalikda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash hamda olib chiqish xizmatlari uchun tushumlarning haqqoniy hisobini va monitoringini yuritish imkonini beradigan yagona tranzit bank hisobvaraqlarini ochadi va aholiga hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi bosh­qarish organlarida to‘­lovlarni yagona tranzit bank hisobvaraqlariga to‘lash tartibi haqida xabardor qilib boradi.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar aholi tomonidan yagona tranzit bank hisobvaraqlariga to‘lanadi va ushbu to‘lovlar keyinchalik viloyat hokimligining maxsus g‘azna hisobvaraqlariga o‘tkaziladi. Maxsus g‘azna hisobvaraqlarida jamlangan mablag‘lar faqatgina xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan chiqindilarni to‘p­lash va olib chiqish bo‘yicha xizmatlar haqini markazlashgan tartibda to‘lashga, sanitar tozalash markazlari va sanitar tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasi faoliyatini moliyalashtirishga, chiqindilar bilan bog‘liq infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Endilikda davlat ekologiya qo‘mitasi hududiy organlari huzurida sanitar tozalash markazlari tashkil etilib, uning xodimlari har bitta tuman va shaharlarda faoliyat olib boradi va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda hududlarda tizim ishlarini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi. Majburiy ijro byurosi qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha tushumlarni amalga oshirish borasida tuman, shahar hokimliklari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.

 

Do‘stbek SULAYMONOV,

majburiy ijro byurosi

viloyat boshqarmasi katta inspektori.

Samarqand shahridagi bir qator hududlarga chiqindi konteynerlari o‘rnatildi.

– Joriy yil 28 avgustda viloyat hokimining "Viloyatda chiqindi bilan bog‘liq ishlarni yanada samarali yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilingan edi, – deydi "Maroqand obod" davlat unitar korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari Shamsiddin Hasanov. – Qarorda jamoat joylarda chiqindilarni to‘plash uchun konteynerlar o‘rnatish, tashkilotlarning o‘zlariga tegishli bo‘lgan binolarga yaqin yoki tutash hududlarga mazkur chiqindi qutilarining joylarini belgilash va o‘rnatilishini ta’minlash ko‘rsatilgan edi. Bugungi kunga kelib, mahallalar, bir qator ko‘cha bo‘ylari va gavjum korxonalar atrofida chiqindi konteynerlari soni 200 taga yetdi. Ayrim hududlarda rangli qutilar ham o‘rnatilyapti. Tez orada butun shaharda organik-maishiy chiqindilar uchun yashil, qattiq chiqindilar uchun boshqa turdagi qutilardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

"Maroqand obod" davlat unitar korxonasi tomonidan shahar ozodaligini saqlash, ekologik holatni yaxshilash maqsadida chiqindi konteynerlariga ehtiyojni o‘rganish va qutilarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda. 2019 yilning birinchi yarmiga qadar shaharda bunday zamonaviy konteynerlar soni 2100 taga yetkaziladi.

Baxtiyor MUSTANOV olgan surat.