Chiqindi uchun xizmat narxini oshirish kerakmi? Nega?

Viloyat Matbuot uyida deputatlar, viloyatdagi sanitar tozalash korxonalari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida shu masalaga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Xalq deputatari viloyat Kengashi deputati, agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Baxtiyor Abdullayev olib borgan anjuman ko‘proq muhokama shaklida o‘tdi. Unda dastlab, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Payshanov viloyatda chiqindilarni olib chiqish va qayta ishlash holati, tizimdagi muammolar va ularni hal qilish bo‘yicha taklif qilinayotgan yechimlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, shu kunda viloyatning 1123 ta mahallasidagi 794770 ta xonadondan chiqindilarni olib chiqish tashkil etilgan. Jarayonga mas’ul tashkilotlarning 411 ta maxsus texnikasi hamda 2 ming nafardan ziyod xodimi jalb qilingan. Biroq amaldagi tariflarning pastligi, qo‘shimcha daromadning yo‘qligi sababli korxonalar moliyaviy barqaror faoliyat yurita olmayapti. Bu o‘z navbatida xizmat ko‘rsatish sifatining pasayishiga olib kelmoqda.
Viloyat hokimining 2024 yildagi tegishli qarori bilan Samarqand shahri va tumanida aholi tarifi bir kishi uchun bir oyda 5600 so‘m, boshqa tuman va shaharlarda 4624 so‘m qilib belgilangan. Yangi taklifga ko‘ra, buni Samarqand shahri va tumani aholisiga 9500, yuridik shaxslariga 1 metr kub uchun 124 ming so‘m, qolgan tuman va shahar aholisiga 8 ming hamda yuridik shaxslariga 1 metr kub uchun 100800 so‘m qilib belgilash nazarda tutilgan.
Anjuman ishtirokchilarini asosan ayni summa qayerdan kelib chiqqanligi va yangi tarifning tizim faoliyatida qanday aks etishi masalasi qiziqtirdi. Sanitar tozalash korxonalari rahbarlarining bergan izohiga ko‘ra, ular o‘tgan yillar davomida faqat moliyaviy zarar bilan ishlagan. Bu vaziyat maxsus texnikalarning yonilg‘i-moylash materiallari, texnik vositalar va ularning ehtiyot qismlari narxi oshishi hamda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oshirilishi barobarida yanada og‘irlashmoqda. Oqibatda korxonalar to‘liq quvvat bilan ishlay olmay, aholining noroziligi ham oshmoqda.
Tadbirda yangi tarif ayni muammolarni qisman hal qilish imkonini berishi aytildi. Shuningdek, tegishli korxonalar qo‘shimcha daromad qilish uchun chiqindini qayta ishlash bo‘yicha loyihalarga qo‘l urayotgani, keyinchalik bu qolgan xarajatlarni qoplashi rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Tadbirda Prezidentning “Chiqindilarni qayta ishlash sohasini yanada takomillashtirish hamda kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda boshqa hujjatlar asosida sohada amalga oshirilishi belgilangan islohotlar haqida ham ma’lumot berildi.
Asqar Barotov.