Chiqindixona yeri tadbirkorga berilmagan

Saytimizda va gazetamizning joriy yil 17 avgustdagi 104-sonida “Toza hudud” davlat unitar korxonasi nima uchun hamma joyni ozoda qilolmayapti?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.

Nurobod tuman hokimi F.Zoirov imzosi bilan kelgan xatda ushbu maqolaga munosabat bildirib, quyidagilar bayon qilingan:

Tumandagi Sharq yulduzi mahallasida joylashgan chiqindi yig‘ish shaxobchasi Respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-52 “Sarikul-Nurobod-Navoiy” avtomobil yo‘lida, ya’ni tuman markaziga kirish qismida, shuningdek, markazdagi “Hazrati Ali” jome masjidi yaqinida hamda aholi serqatnov ko‘chada joylashganligi sababli masjid jamoati, hudud aholisining e’tirozlari shikoyatlari ko‘payib, joylashgan joyi jihatidan sanitariya me’yorlariga to‘g‘ri kelmaganligi uchun 2018 yilda tuman hokimligining mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan (16 million so‘m) ushbu chiqindixona dislokatsiyaga asosan avvalgi joylashgan o‘rnidan janub tomonga (temir yo‘l ortiga) ko‘chirilgan. Hozirgi vaqtda ushbu chiqindixona to‘liq faoliyat olib bormoqda.

Nurbuloq mahallasida joylashgan chiqindixona O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2017 yilda Nurbuloq massivida qurilgan 10 ta ikki sotixli turar joy binolari qurilish maydoniga tushib qolganligi sababli ushbu chiqindixona binosini boshqa joyga ko‘chirish “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi viloyat filiali tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Biroq bugungi kunga qadar qurilish ishlari amalga oshirilmagan.

Mazkur chiqindixonalarning buzilish yoki boshqa joyga ko‘chirilishi aholining ijtimoiy talablaridan kelib chiqib amalga oshirilgan. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirilishi uchun ajratib berilmagan.