Cholg‘u asboblari chang bosib yotgan maktablar ham bor, musiqa asboblarini yasovchi, sozlovchi ustalar yetishmaydi
Endilikda har bir shahar, tuman madaniyat markazlari viloyatda hisobot chiqishlarini namoyish qiladi. Joriy yildan boshlab viloyatdagi barcha musiqa va san’at maktablarida davlat unvoniga sazovor bo‘lgan san’atkorlar mahorat saboqlari o‘tib kelmoqda. Birgina, shu yilning o‘zida nafaqat Samarqand shahar, balki chekka tumanlarimizdagi musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari yetti marta xalqaro tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egalladi.
Avval xabar berganimizdek, ushbu ma’lumotlar Samarqand viloyati Matbuot uyida viloyat hokimligi madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jaqul Muhammadiyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan anjumanda aytildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillariga Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha boshqarma tizimidagi madaniyat bo‘limlari, kutubxonalarda, bolalar musiqa va san’at maktablari hamda madaniyat markazlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
- Prezidentimizning 5 tashabbusi ijrosini ta’minlash maqsadida shu yil davomida qator tadbirlar, anjumanlar o‘tkazildi, - deydi viloyat hokimligi madaniyat boshqarmasi boshlig‘i X.Muhammadiyev. – Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etish, madaniyat, san’at va sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishlarini oshirish bo‘yicha «Teatrshunosman», «Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablari muzeylarda», «Men dirijyorman» kabi qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ispaniyada bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovda Samarqand shahridagi 3-son bolalar musiqa va san’at maktabining «Sadozarb» doirachilar ansambli 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan tanlovda Kattaqo‘rg‘onning «Nafis» raqs jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Viloyat hokimi sa’y-harakati bilan Kimyogarlar shaharchasida eng zamonaviy, barcha shart-sharoitlarga ega “Madaniyat saroyi” tashkil etildi.
Boshqarma rahbari yutuqlar barobarida sohada yechimini kutayotgan muammolar ham talaygina ekanini aytib o‘tdi. Masalan, ba’zi musiqa maktablarida foydalanilmayotgan cholg‘u asboblarining mavjudligi, madaniyat markazlarining bor imkoniyatlarni ishga solmayotgani, cholg‘u asboblari ustalarining sanoqli ekanligi qayd etildi.
Gulruh MO‘MINOVA.