Sopolnay – qadim chorlov cholg‘u asbobi
Chanqovuz haqida eshitgansiz. Uning ohangiga nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham mahliyo bo‘lganlar talay. Yana bir musiqa asbobi borki, u ham chanqovuzdek mayin sadolarga ega. Bu - sopolnay.
Past Darg‘om tumanidagi 2-son Charxin madaniyat va aholi dam olish markazining folklor to‘garagida unutilayozgan ana shu cholg‘u asbobi havaskorlarga o‘rgatilar ekan.
- Qadimdan ota-bobolarimiz qir-adirlarda cho‘ponlik qilganda, albatta o‘zi bilan sopolnayni olib yurgan, - deydi folklor to‘garagi rahbari Jahongir Norbekov. – Sopolnay loydan ishlangan besh-to‘rtta teshikdan iborat hushtakdir. Uni bobolarimiz chorlov sifatida ham ishlatishgan. Masalan, to‘y-marosimlarida, ko‘pkarilarda, xalq yig‘inlarida aholini bir joyga to‘plash uchun sopolnayni chalishgan. To‘garagimizga 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 16 nafar havaskorlar a’zo. Ular bilan har haftada uch kun mashg‘ulot olib boramiz. Sopolnay tashqari do‘mbira va chanqovuz kabi milliy cholg‘u asboblarini chalish sirlarini o‘rgataman.
Aslida ham shunday. Madaniyat va aholi dam olish markazi milliy madaniyatimizni xalq orasida keng targ‘ib etish, an’ana va qadriyatlarimizni qayta tiklash borasida tadbirlarni o‘tkazish, yoshlarni turli to‘garaklarga jalb etish maqsadida tashkil etilgan.
- 2018 yilning 28 noyabrida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida madaniyat markazlari uchun aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, ularning madaniy ehtiyojlarini qondirish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, xalq ijodiyoti va badiiy havaskorlik san’atini saqlab qolish va rivojlantirish, bolalarni turli to‘garaklarga jalb etish kabi qator vazifalar belgilandi, - deydi markaz rahbari Obloqul Umarov. - 2015 yilda foydalanishga topshirilgan markazimiz qoshida doira, tasviriy san’at, drama, ashula va raqs kabi badiiy, o‘zbek jang san’ati, dzyu-do singari sport to‘garaklari faoliyat yuritadi. Shuningdek, jamoatchilik asosida aql gimnastikasi bo‘lgan shaxmat-shashka to‘garagimiz ham ishlaydi. Joriy yilda xorijiy tillarni yoshlarga o‘rgatish uchun pullik guruhlar tashkil etishni, folklor to‘garagi faoliyati doirasini kengaytirgan holda, milliy an’ana va urf-odatlarimizni keng targ‘ib qilish uchun, qator sahna ko‘rinishlari-yu tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Bilasiz, avvallari qizlarimiz o‘z qo‘llari bilan kashta tikib, kelinlik seplarini boyitishgan. Mato parchalarida qizlarimizning muhabbati, qalb harorati o‘z aksini topgan. Bugungi kunda mana shu an’analarimiz yo‘qolib ketayapti. Uni qayta tiklash uchun kashtachilik, milliy quroqchilik to‘garaklari faoliyatini ham yo‘lga qo‘yamiz.
Nasiba JONTO‘RAYEVA.