Cho‘pon ayolning baxt formulasi
Bugungi qishloq ayoli faqat sigir sog‘ib, non yopishdan bo‘shamaydigan ayol emas. Uning dunyoqarashi turmush tarzi, orzu-istaklari o‘zgargan. Qishloq ayoli fermer, tadbirkor, xususiy korxona, maktab, bog‘cha rahbari.
Ana shunday qishloq ayoli, uning turmush tarzi haqida maqola tayyorlash maqsadida Nurobod tumanining olis maskani - Olg‘a qishlog‘iga yo‘l oldik.
Cho‘l sharoiti, atrof asosan dashtlik, injiq tabiat. Ana shunday cho‘l bag‘rida yashovchi cho‘pon ayol Zuhra Xidirovani uchratdik. U Nurobodning keng dasht yaylovlarida uzoq yillardan buyon cho‘ponlik qilib kelarkan. Shu kasb orqasidan farzandlarini tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Bugun ular oliy ma’lumotli, yaxshi kasb egasi.
Manzilga kelsak, cho‘ponlar qo‘nalg‘asi men yo‘lda tasavur etgandek, devorlari toshdan, tomi loyga yantoq qo‘shib suvoq g‘aribona emas ekan. Hartugul uy tomi shiferlangan, qulaygina boshpana. Yonida zamonaviy avtomobil turibdi, eng asosiysi, mo‘’jazgina quyosh batareyasi ham borligi e’tiborimni tortdi. Otardagi qo‘ylar va cho‘ponlar uchun suv chiqaradigan artezian moslamasi ham quyosh batareyasi vositasida ishlar ekan.
Ota-bobolarimiz cho‘ponlar avlodidan. Uch avlodimiz shu faxrli kasb egalari bo‘lishgan,- deydi Zuhra opa. - Mana 20 yildan ortiq shu cho‘lda men ham cho‘ponlik qilib kelaman. Bu yil kayfiyatimiz yaxshi, ko‘klam seryog‘in kelib, o‘t-o‘lan mo‘l bo‘ldi. Qishlovga barcha tayyorgarliklarni ko‘rib qo‘ydik. Kasbimni sevaman, keng dala, qo‘y-qo‘zilar hamrohim. Olis cho‘lda bo‘lsak-da, shu yumushlardan ortib, farzandlarimning ta’lim-tarbiyasi bilan ham shug‘ullandim. Yuzimizni yorug‘ qilib, ular oliy ma’lumotli bo‘ldi. Bir ayol nima orzu qilsa, shularning barchasiga erishyapman, deb o‘ylayman. Cho‘lda yashashimdan, cho‘pon ekanimdan hecham afsuslanmayman. Aksincha faxrlanaman. Ko‘pchilikning tasavvurida "cho‘pon ayol" deganda turmushi qiyin, og‘ir mehnatli ayol gavdalanadi. Yo‘q, bugun unday emas. Masalan, men shu cho‘lda yashayotganimdan hech qachon armon qilmaganman.
Cho‘ponlar qo‘nalg‘asida internet ishlamasligidan diqqatim oshib, ulardan bu haqda so‘raganimda, «Qishloq markaziga borsakkina ishlatamiz internetni» deb javob berishdi. Ma’lum bo‘lishicha, har otarda bittadan oddiygina “Nokia” telefoni bor ekan, ular ham naslchilik MChJ tomonidan berilgan.
Zuhra Xidirova kabi cho‘pon ayollar... Ularning yuzida cheksiz sabot, hayot sinovlari izlarini va shu bilan birga, mag‘rurlik, o‘ziga yarasha baxtiyorlik, cheksiz toqat, kamtarinlik, bardosh namoyon. Ular hech qachon hech kimga hech nimadan nolimaydi... Shukronalik bilan dashtda zar yaratadi. Keta turib, kelishimdagi tasavvurim o‘zgacha tus olgan edi. Ular cho‘l sharoitidagi bu masrurlikni, baxtni — hashamatdan emas, oddiylikdan, shu halovatdan topgan bo‘lsa ne ajab.
Shuhrat Normurodov.