Cho‘ponota tepaligi mamlakat milliy koordinatalar tizimining nol nuqtasi etib belgilandi

Vazirlar Mahkakmasining 2026 yil 10 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida milliy koordinatalar tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy koordinatalar tizimi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. Ushbu hujjat mamlakat hududida yagona va zamonaviy geodezik asosni shakllantirishga qaratilgan.

Milliy koordinatalar tizimi nima?

Bu - respublika hududidagi barcha yer o‘lchash, kadastr, qurilish, kartografiya va geoinformatsion tizimlar uchun yagona fazoviy (geografik) asos hisoblanadi. Ya’ni, barcha koordinatalar, xaritalar va fazoviy ma’lumotlar bir xil standartga keltiriladi.

Tizim quyidagi asosiy tarkibiy qismlardan iborat:

- milliy geodeziya referens datumi – koordinatalarni aniqlashda asos bo‘ladigan geodezik model;

- yer gravitatsiya maydonining global modeli (YeGM2008) – balandliklarni aniqlashda qo‘llaniladigan xalqaro standart model;

- boshlang‘ich nol nuqta – tizimning tayanch nuqtasi;

- davlat geodeziya tarmog‘i punktlari geotsentrik koordinatalari;

- milliy koordinatalar tizimi ma’lumotlar bazasi – barcha koordinata tizimlari va ularning metama’lumotlarini jamlovchi yagona platforma.

Boshlang‘ich nol nuqta qayerda?

Milliy koordinatalar tizimining asosiy tayanch nuqtasi Samarqand viloyatining Samarqand shahri hududidagi Cho‘ponota tepaligida joylashgan Davlat geodeziya punkti yetib belgilandi.

EGM2008 modeli nima beradi?

U balandliklarni aniq hisoblash imkonini beradi hamda xalqaro standartlarga mos ravishda ishlashni ta’minlaydi. Bu qurilish, yo‘lsozlik va muhandislik loyihalarida yuqori aniqlikni kafolatlaydi.

 

Ma’lumotlardan qanday foydalaniladi?

Milliy koordinatalar tizimi ma’lumotlar bazasidan maxsus veb-sahifa orqali ro‘yxatdan o‘tib foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu davlat organlari, loyiha institutlari va mutaxassislar uchun qulay va bir xilda axborot almashinuvini ta’minlaydi.

- Bu qaror yer hisobi va kadastr tizimini yagona standartga o‘tkazadi;

- Qurilish va infratuzilma loyihalarida aniqlikni oshiradi;

- Raqamli xaritalash va GIS tizimlarini takomillashtiradi;

- Xalqaro geodezik tizimlar bilan integratsiyani ta’minlaydi.