Chust tumanida zaharlangan bolalar bo‘yicha jinoiy ish Namangan viloyat prokuraturasidan Bosh prokuraturaga o‘tkazildi

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva davlat rahbarining topshirig‘i bilan Namangan viloyatida bo‘lib, zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan bolalar holidan xabar oldi. Ma’lum qilinishicha, bolalarning hammasi asta-sekin tuzalyapti, ko‘pchiligi oilasi bag‘riga qaytgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uni yuritish Bosh prokuraturaga o‘tkazilgan.

Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining telegram sahifasida yozib qoldirgan:

"Bugun biz Namangan viloyatiga shaxsan davlatimiz rahbarining topshiriqlari bilan yetib keldik.

Vaziyatni ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun shifoxonaga bordik, bolajonlar holidan xabar oldik. Ularning kayfiyati yaxshi, hammalari asta-sekin tuzalishmoqda, ko‘pchiligi sog‘aygani uchun uyiga - oilasi bag‘riga qaytarilgan.

Biz bolalarning ota-onalari bilan ham suhbatlashdik, ularning tashvishiga sherik ekanimizni bildirdik.

Shundan so‘ng bog‘cha tarbiyalanuvchilari bilan sodir bo‘lgan holat yuzasidan sog‘liqni saqlash, SES, ta’lim, prokuratura va boshqa tegishli soha mutasaddilari bilan yig‘ilish o‘tkazib, vaziyatni va tekshiruvning borishini muhokama qildik.

Hozirda o‘rganish ishlari davom etmoqda, jarayon nazoratga olingan, natijasi haqida qo‘shimcha ravishda xabar qilinadi.

Bugungi kunda mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ish Namangan viloyat prokuraturasidan Bosh prokuraturaga o‘tkazildi" deyiladi xabarda.