Imtiyoz: Qachon, kimga va nima uchun kerak?

Yaqinda bir tanishim yangi mashina olgani, uni qo‘shni viloyatda ishlaydigan singlisi nomiga rasmiylashtirganini aytib qoldi.

Men esa hozir hamma narsa oshkora, bemalol o‘zining nomiga xohlagancha mashina olish mumkinligini aytdim. «Keliningiz bilan men "daftar"da turamiz. Agar mashina olsak, daftardan chiqarishadi, ya’ni ko‘p imtiyozlardan bebahra qolaman», dedi u.

To‘g‘risi, bu gaplardan keyin qo‘limga qalam oldim.

Izohli lug‘atlarda «Imtiyoz» so‘zi «Muayyan sabablarga ko‘ra ayrim shaxslar yoki tashkilotlarga beriladigan alohida, ortiqcha haq-huquq, sharoit, yengillik», deb ifodalangan.

Keling, tasavvurimizni aniqlashtirib olaylik.

Misol uchun, oliy toifali qishloq o‘qituvchilari agar bir tumandan boshqa tumanga o‘tib ishlasa, yashash xarajatidan tashqari oylik maoshiga 50 foiz qo‘shimcha beriladi. Bir viloyatdan ikkinchi viloyatga o‘tib ishlaganda esa bu ko‘rsatkich 100 foizga oshiriladi. Demak, bu yerda imtiyoz mahoratli muallimning jamiyatga munosib hissa qo‘shishi uchun beriladi.

Aytaylik, sayohatga chiqdik. Oramizda tepalikka qarab yurishi qiyin bo‘lgan yoshdagilar bor. Lekin biz ularga imtiyoz bera olmaymiz. Ularga bitta yordam ko‘rsatilishi mumkin, ya’ni sayohatchilar boradigan manzilga transport orqali olib chiqish.

Soliq sohasida ham uni bo‘lib-bo‘lib to‘lash yengilligi bor. Bunda ishchi o‘rnini, ishlab chiqarish jarayonini saqlab qolgan holda davlat oldidagi qarzdan qutulish muddao qilib belgilangan. Yoki qishloq joylaridagi xususiy bolalar bog‘chalarida ishlayotgan xotin-qizlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni suhbat orqali oliygoh talabasi bo‘lish imtiyozi berilgan. Negaki, u ma’lumotini oshirib qaytsa, o‘sha hududda ta’lim-tarbiyani yaxshi yo‘lga qo‘yadi.

Qishloq yoshlarining bandligini ta’minlash maqsadida ularga ekin yerlari auksionsiz tarqatildi. Buning ustiga hosil olguniga qadar soliqdan imtiyozlar berildi. Buning ham maqsadini tushunib turibsiz.

Qishloq joylarda obodonchilikni ta’minlash maqsadida «open-byudjet» tizimi yaratildi. Bu aholi uchun katta imtiyoz aslida. Chunki odamlar o‘zlari har kuni duch keladigan muammoni bartaraf etish ovoz berishadi. Va ana shu og‘izbirlik hisobiga yo‘llar, bolalar bog‘chalari va maktablar ta’mirlanadi, o‘yingohlar quriladi.

Imtiyoz aslida yengillik, yordam, degan tushunchaga yaqinroq, ya’ni harakat qilib turgan odamni ikki qo‘ltig‘idan ushlab, qo‘llab yuboramiz. Jamiyatga foyda keltiraman degan tadbirkorga esa uning erkin ishlashi uchun sharoit yaratamiz. O‘qiyman, ilm olaman, degan yoshlarga ham ularning ijtimoiy kelib chiqishiga qarab yengilliklar yaratilyapti. Ayniqsa, bu holat ilm olish jarayonida juda ko‘payib ketgan.

Tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, aksariyat mamlakatlarda bunday imtiyozlar yo‘q. Chunki ortiqcha imtiyoz adolatsizlikni keltirib chiqaradi, ortiqcha yengillik odamni lanj qilib qo‘yadi. O‘ylaymanki, ushbuni o‘qiyotgan kishilar atrofdagi voqealardan xulosani allaqachon chiqarib bo‘lishdi. Kamina to‘rt muchasi sog‘, duppa-durust kasbi bor bo‘la turib, yana imtiyoz so‘rayotganlarni nazarda tutyapman.

Mehnat qobiliyatini vaqtincha yo‘qotish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, ya’ni bunday kishilarga 1-, 2-, 3-guruh nogironligi beriladi. Bu – vaqtincha imtiyoz, ya’ni nogiron kishi belgilangan muddat ichida o‘z sog‘lig‘ini tiklab olishi zarur. Ming afsuski, bizda buning aksi bo‘lyapti. Nogironlik bir umr beriladigan imtiyoz deb tushunadiganlar ko‘p.

Ba’zan rahbarlarning qabullarida ishtirok etaman. Murojaat qiluvchilarning aksariyati imtiyoz so‘raydi. Uy olishda, kredit olishda, farzandi o‘qishining shartnomasini to‘lab berishda, xullas, bu vajlarning son-sanog‘i yo‘q. Biz davlat tomonidan berilayotgan beminnat imtiyoz va yengilliklarga o‘rganib qolmayapmizmi? Bolalarimiz ham bizdan o‘rnak olib, ana shunday turmush tarziga odatlanib qolishini o‘ylayapmizmi? 

Alloh inson zotiga bitta imtiyoz bergan, insondek yashash. Fikrimcha, biz ana shu aqidani puxta tushunib yetsak, birovlardan, davlatdan ortiqcha imtiyozlar so‘rashdan tiyilamiz.

Farmon Toshev.