Olimlarning dastlab hamma uchun bema’ni tuyulgan ajoyib g‘oyalari
Endi esa hayotimizni ularsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi
Ilmiy haqiqatni boshqalardan ko‘ra oldin bilib olish ba’zan qiyin sinovlarni boshdan kechirishga olib keladi. Ko‘pgina odamlar o‘rnatib qo‘yilgan nazariyalarga yopishib olib, ularni qaytadan ishlab chiqishga zarurat yo‘q, deb hisoblaydi. Deylik, ular innovatorni uning taxminlari noto‘g‘ri ekanligiga ishontirishsa yaxshi, biroq, jamiyat olimlarni masxara qilib, ularni aqldan ozgan deb e’lon qilsa, bu juda achinarli.
ADME nafaqat innovatsion g‘oyalarni o‘ylab topishga jur’at etganlarning ilmiy daholigini, balki ularning o‘z e’tiqodini himoya qilishdagi jasoratini ham qadrlaydi. Bu dovyuraklar tufayli biz kosmosga uchayapmiz, vabo va singani davolayapmiz va shakar zararli ekanligini tushunib yetib, undan voz kechishga harakat kilayapmiz.
Jozef Lister
Britaniyalik shifokor va olim, antiseptik jarrohlikning kashshofi. U birinchi bo‘lib mikroskopik organizmlar operatsiyadan keyin infeksiyani keltirib chiqarib, yomon natijalariga olib kelishini taxmin qilib, operatsiyadan oldin qo‘l yuvish, asboblar va bemor terisini dezinfeksiya qilishni yoqladi. Listerning zamondoshlari uni masxara qilishdi va eng nufuzli tibbiy jurnallardan biri “The Lancet” shifokorlarni uning g‘oyalariga ehtiyotkorlik bilan qarashga chorladi.
Jon Snou
XIX asrda yashagan ingliz shifokori Jon Snou o‘sha paytda hukmron bo‘lgan vabo kabi kasalliklarni “yomon havo” keltirib chiqaradi, degan nazariyaga shubha bilan qaragan. U infeksiya manbai ifloslangan suv ekanligini isbotlash uchun statistik ma’lumotlarni to‘pladi. Tanqidchilar uning nazariyasini qattiq shubha ostiga qo‘ydi, ammo 30 yil o‘tgach, uning ishlari epidemiologik kasalliklarni davolashda asosiy haqiqat sifatida olg‘a surildi.
2 Barri Marshall
Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori uning nazariyasi hamma tomonidan masxara qilingan vaqt haqida so‘zlab berdi: “Hamma menga qarshi edi, lekin men haq ekanligimni bilardim”. O‘z nazariyasini isbotlash uchun hatto laboratoriya sichqonlari ustida tadqiqot o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lmagan Barri o‘zi ustida tajriba o‘tkazdi va shifokorlarning uzoq yillik e’tiqodiga qaramasdan, yog‘li va achchiq ovqatlar oshqozon yarasining sababchisi bo‘la olmasligi va bunga faqat bakteriyalar aybdor ekanligiga ishontira oldi.
Jon Yudkin
Diyetolog va “Sof, oppoq va zahri qotil” kitobining muallifi o‘tgan asrning o‘rtalarida shakarning zarari haqida taxmin qilgan va mashhur e’tiqoddan farqli o‘laroq, yog‘lar emas balki shakar iste’moli semizlik, diabet va yurak-qon tomir kasalliklariga olib kelishini ta’kidlagan. Bu ogohlantirishlar jiddiy qabul qilinmadi, professorning mavqesi uning hamkasblari tomonidan chippakga chiqarildi va faqat Yudkinning o‘limidan so‘ng dalillar eshitildi va nazariya tasdiqlandi.
Robert X.Goddard
Kosmik asrga tamal toshi qo‘ygan insonning mehnati nafaqat olimlar, balki makkor jurnalistlar tomonidan ham masxara qilindi. “The New York Times” nashri olimning raketalar kosmosga uchishi mumkinligi haqidagi taklifini masxara qilib kattagina maqola chop etdi. Taxminan yarim asr o‘tgach, “Apollon 11” kosmik kema uchirilgandan so‘ng, xuddi shu gazeta tahririyati “xatosidan afsusdaligi” haqidaeslatmani chop etdi.
Georg Kantor
To‘plamlar nazariyasi yaratuvchisi nemis matematigi Georg Kantor o‘zining bu ishi uchun qattiq tanqid qilindi. Olimning o‘zi ilmiy firibgar va nazariyasi zararli va kulgili deb ataldi.
Kantor umidsizlikdan tushkunlikka tushdi. Deyarli 40 yil o‘tgach, London Qirollik jamiyati Kantorni matematik tadqiqotlar uchun beriladigan eng yuqori mukofot - Silvestr medali bilan taqdirladi. XIX–XX asrlarning eng nufuzli matematiklaridan biri Devid Gilbert esa u haqda: “Hech kim bizni Kantor yaratgan jannatdan haydab chiqara olmaydi”, degan edi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.