Dabdabaga yo‘l qo‘yilmaydi
Biroq keyingi paytlarda bunday ezgu harakatlarning aksi bo‘lgan to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishda haddan ziyod isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi salbiy illatlar ko‘zga tashlanmoqda.
To‘g‘ri, to‘y va marosimlar odamlarni jipslashtiradigan, ular o‘rtasida o‘zaro ahillik va mehr-muruvvat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladigan odatlarimizdan. Yigit-qiz voyaga yetdimi, albatta, ularni uylash, turmushga berish kerak. Bu ota-onaning burchi. Ammo kelin-kuyov uchun qanchadan-qancha sarpoyu sep, jihozu mebel, tilla taqinchoqlar olish, dabdaba bilan to‘y qilish zaruratmi? Bu axir isrofgarchilikdan, hoyu-havas uchun o‘zini azobga giriftor etishdan boshqa narsa emas-ku. Eng yomoni, yoshlarni o‘zining kelajagi, imkoniyatlari, kasb-hunar o‘rganishga, tadbirkorlikka, yangi g‘oya, ixtiro va kashfiyotlarga qiziqishi emas, to‘yini "esda qolarli" qilib o‘tkazish, dasturxonni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bezash qiziqtirib qolgan. Bu esa yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularda boqimandalik, o‘tkinchi hoyu-havasga hirs qo‘yish, yengil-yelpi hayot kechirishga, oilaviy mojarolarga sabab bo‘lmoqda.
Endi bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Xususan, tumanimizda to‘y-ma’rakalarni o‘tkazishda me’yor va tartibga rioya qilinishi qat’iy nazoratga olinadi. Ayni kunda shu maqsadda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilyapti. Me’yor va tartibni buzgan, haddidan oshgan kimsalarni mahalla fuqarolar yig‘iniga chaqirib, obro‘-e’tiborli kishilar, imom-xatiblar, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilamiz. Maqsadimiz - to‘y-ma’rakalarni dabdabasiz va kamxarj qilib o‘tkazish. Zero, odamlarimiz hayot tarzi yaxshilanib, jahon hamjamiyatiga ko‘proq daxldorligimiz oshib borayotgan, o‘zbek madaniyatidan jahon xalqlari andaza olayotgan bir davrda milliy taraqqiyotimizga katta to‘siq va g‘ov bo‘lib kelayotgan bu illatga barham berish, to‘y-ma’rakalarni ixcham, zamonaviy ko‘rinishda o‘tkazish bugunning dolzarb vazifasidir.
Abdumo‘min JO‘RAYeV,
Oliy Majlis Senati a’zosi, Payariq tumani hokimi.