Dabdabali tug‘ilgan kunlar pulimiz ko‘payganidan darakmi?

Bolaligimda ota-onamning tug‘ilgan kuni qachonligini bilmasdim. Sababi, uyimizda faqat bolalarning tug‘ilgan kuni oila davrasida nishonlanardi. Kattalar tug‘ilgan kuni doim “yoddan chiqardi”. Boshqa tengqurlarimdan ham tug‘ilgan kunni dabdaba bilan o‘tkazishini eshitmaganman.

Bora-bora tug‘ilgan kunlar oila davrasidan hamkasb, sinfdosh, kursdosh, qarindoshlar davrasiga ko‘chdi. Hatto ba’zi tanishlarim tug‘ilgan kunini uch kun nishonlagani, o‘sha pulga bir yigitni uylantirib qo‘ysa bo‘lishini maqtanib aytgan paytlar ham bo‘ldi. Ota-onalar bolasining tug‘ilgan kuniga bog‘chaga, maktabga shirinlik va ichimliklar keltirishni odatga aylantirdi. Qurbi yetmaydigan oilalar ham bolamning ko‘ngli o‘ksimasin deb bog‘chaga qarzga bo‘lsa-da, tort olib keladigan bo‘ldi.

Xullas, keyingi yillarda tug‘ilgan kunlarni nishonlash shunday avj oldiki, hatto ba’zi ota-onalar atigi bir yoshga to‘lgan farzandining tug‘ilgan kunini restoranda qarindosh-urug‘, do‘stlari bilan tantanali o‘tkazmoqda. Achinarlisi, bugun bunday marosimlar odatiy tusga aylandi.

Yaqinda yana bir asabbuzar odat o‘ylab topilibdi. Tug‘ilgan kun sohibini karnay-surnay, musiqa sadolari ostida, tantanali ravishda, soat tungi 12:00 da tabriklash moda bo‘layotganmish. Bir tanishim aytib qoldi.

- Qo‘shni pod’yezdda kun bo‘yi qandaydir marosimga tayyorgarlik ko‘rildi. Atrof tozalandi, gullar, sharlar bilan bezatildi. Bu yerda nima bo‘larkan, deb kuzatdim, ammo kunduzi hech narsa bo‘lmadi. Kechqurun uxlab yotgandim, baland musiqa ovozidan uyg‘onib ketdim. Odamlar tashqarida shovqin qilyapti, kimdir mikrofonda qo‘shni ayolni tug‘ilgan kuni bilan tabriklayapti. Bir soat davom etgan shovqindan hamma qo‘shnilar uyg‘ondi. Yarim tunda uyqum buzilib, asabiylashdim. Ertalab ishga borishim kerak, qani endi uyqu kelsa. Ko‘pqavatli uyda yashaydigan boshqa odamlar ham xuddi mendek asabiylashsa asabiylashdiki, aslo xursand bo‘lmadi. Xo‘sh, tug‘ilgan kuni bo‘lsa, nima bo‘libdi, shunga hammani bezovta qilib, yarim tunda uyg‘otish kerakmi? Kunduzi qilmaydimi shu marosimini?

Xuddi shunday tug‘ilgan kun ssenariysi qishloq joylarida o‘tkazilayotganini videotasvirda ko‘rgandim. Ba’zi odamlar nafaqa yoshidagi keksa ota-onalarining tug‘ilgan kunini shunday tantanali o‘tkazishyapti. Hozir tug‘ilgan kunlarni tantanali o‘tkazib beradigan guruhlar paydo bo‘lgan. Guruh tarkibida boshlovchi, tasvirchi, musiqachi va yana kimlardir bor. Xullas, kelishilgan pulni bersangiz, o‘sha guruh aytilgan vaqtda, belgilangan manzilga boradi. Bu nima degani? Odamlarning puli ko‘payib, aqli kamayib ketayotganidan darakmi? Undan ko‘ra, havoga sochayotgan pulini yetim bolalar, beva ayollar, kam ta’minlangan ko‘p bolali oilalarga ehson qilsa bo‘lmaydimi, deb o‘ylaysan kishi.

Aslida, bunday tadbirlar xorijda yurgan, oyda, yilda ota-onasidan xabar ololmaydiganlar tomonidan o‘ylab topildi. Dastlab, chet eldagilar yaqinlarini bayramlarda gul va shirinliklar yuborish orqali tabriklashni istashdi. Bora-bora bunday takliflar dabdabali ko‘rinish oldi.

Bundan to‘rt yil avval Rossiyada besh kishilik to‘yni ko‘rib kulgandim (to‘g‘rirog‘i, ZAGSni). Negaki, bizda tug‘ilgan kunlar ham besh kishi bilan o‘tkazilmaydi-da. Endi o‘ylab qarasam, o‘shalar qanday yashashni bilar ekan. Nima keragi bor ortiqcha dabdaba, ortiqcha xarajatni, deysanu ammo odamlarga tushuntirolmaysan.

“Payg‘ambarimiz qachon tug‘ilganlar?”

Bilasizmi, islom dinida hatto payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning ham tug‘ilgan kunlari ma’lum emas. Ulamolar fikricha, agar Alloh taolo payg‘ambarimiz alayhissalomning tug‘ilgan kunlarini odamlarga ma’lum qilganida, musulmonlar o‘sha kunni bayramga aylantirib yuborishardi. Shuning uchun ham tarixiy kitoblarda payg‘ambarimizning tug‘ilgan kunlari har xil sanada keltirilgan.

O‘tgan asrda gazetalar endi chiqa boshlaganda jadid bobolarimiz ham bizni tantanali to‘y va marosimlarimiz xarob qilishini kuyunib yozishgan. Masalan, Mahmudxo‘ja Behbudiy shunday deydi: “To‘y va ta’ziyag‘a sarf qilinaturg‘on oqchalarimizni biz, turoniylar ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur”.

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, bugungi narx-navoning oshishi ayrim oilalarni qiynab qo‘yayotganini yozishmoqda. Biz esa har kuni bitta pul sochadigan marosim o‘ylab topish bilan ovoramiz. To‘ylarimiz haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Pandemiya sabab 30 kishilik to‘yga rozi bo‘lgan xalq bugun yana dabdabali to‘ylar o‘tkazyapti.

Xulosa o‘zingizdan, azizlar. Topganimizni bilim olishga, farzandlarimizni ilmli qilishga sarflamas ekanmiz, rizqimizni boshqa davlatlardan izlab yuradigan millatligimizcha qolaveramiz.

Xurshida Ernazarova.