Dabusiya yodgorligida mudofaa devori topildi
Samarqand davlat universiteti o‘qituvchi, talabalari hamda Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimlari Markaziy Osiyodagi yirik va muhim tarixiy mintaqa hisoblangan Dabusiya yodgorligida arxeologik qazishma ishlarini olib bormoqda.
Qal’aning shahriston qismidagi qazishmalar natijasida qalinligi 2-4 metrli mudofaa devori mavjudligi aniqlandi. Ochib o‘rganilganda, turar joy o‘rinlari, somoniylar va qoraxoniylar davriga oid bo‘lgan tanga-pullar topildi.
- Dabusiya yodgorligining ustki qismida metall va toshqurolning qayd etilishi, o‘rta aslarda bu ko‘hna kentda nafaqat kulolchilik va hunarmandchilik, balki metallsozlikning ham rivojlanganligidan guvohlik beradi, - deydi universitet doktoranti, ekspeditsiya a’zosi Akbar Nazarov. - Shuningdek, Dabusiyada yigirmadan ortiq bo‘lgan badraf o‘rinlari ham aniqlandi. Bu o‘rta asrlarda Sug‘dda gigiyenaga alohida e’tibor berilganligini anglatadi.
Ayni kunda ekspeditsiyaga universitet o‘qituvchisi, Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov rahbarlik qilmoqda.
Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.