Dam olish kunlari havo yana soviydi, respublika bo‘ylab qor yog‘adi
Bugun Respublikaning barcha hududlarida asosan quyoshli ob-havo kuzatildi. Kunning o‘rtasida havo 5-10 daraja iliq, janubda ba’zi joylarda 13 daraja iliq bo‘ldi. Iliq va asosan quyoshli ob-havo O‘zbekistonning tog‘li hududlarida ham saqlanib turdi.
Ammo dam olish kunlari Rossiyaning janubiy hududlaridan sovuq va nam havo massalari kirib, O‘zbekiston bo‘ylab ob-havoning yomonlashishiga olib keladi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.
Ta’kidlanishicha, Respublika shimolida qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik shanba kuniga o‘tar kechasi boshlanadi. Barcha joylarda yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik qorga aylanishi bilan kuzatiladi. Ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s.gacha kuchayadi. Faqat eng chekka sharqda (Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari) shanba kuni havo bulutli, lekin quruq bo‘lishi kutilmoqda.
Yakshanba kuni g‘arbiy hududlarda yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarida qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kunning ikkinchi yarmigacha davom etadi va faqat eng chekka janubda va Farg‘ona vodiysida yog‘ingarchilik bo‘lishi kun davomida saqlanib turadi.
Havo harorati yakshanba kuniga 2 daraja sovuq 3 daraja iliq qiymatlarigacha pasayadi.