Damashq Suriyadan turk qo‘shinlarini zudlik bilan olib chiqishni talab qildi
Suriya hukumati Turkiya zudlik bilan respublikaning shimoliy viloyatlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishini talab qilmoqda. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Feysal Mikdad ma’lum qildi.
U Idlib viloyatida oxirgi paytlarda ziddiyat kuchayganiga shunday munosabat bildirdi.
"Menimcha, Turkiya zudlik bilan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi kerak. Xalqaro hamjamiyat, o‘z navbatida, Suriyaning mamlakat shimolida bosib olingan hududlarni ozod qilish harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi kerak", dedi Mikdad RIA Novosti agentligiga.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu eskalatsiyaning asosiy sababi "turk bosqini, shuningdek, Anqaraning joyida terrorchi guruhlarga ko‘rsatayotgan yordamidir".
Joriy yilning avgust oyida BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersen xavfsizlik zaiflashuvi va Suriyaning ayrim hududlarida yangi qurolli to‘qnashuvlar avj olishi haqida xabar bergan edi. Keyin u Idlib viloyatidagi vaziyatga alohida e’tibor qaratdi. Pedersenning so‘zlariga ko‘ra, Arab Respublikasining bu hududida 2020 yilning bahoridan buyon bunday kuchli to‘qnashuvlar bo‘lmagan.