Daromadi yetarli bo‘lmaganlarga ham ipoteka krediti berilmoqda

Xalqimizda “uyi borning o‘yi yo‘q”, degan gap bor. Bu bejiz aytilmagan, albatta. Zero, odamlarning uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasidan qoniqish hissi ertangi kunga bo‘lgan ishonchni oshirsa, boshqa tomondan jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini shakllantiradi, turmush farovonligiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan Eldor Abduraimov yosh oilalardan. 3 nafar farzandni voyaga yetkazayotgan oila qariyb 10 yil ijarada yashashiga to‘g‘ri kelgan. Uy-joyli bo‘lish orzusi ularni bir muddat bo‘lsin, tark etgan emas. Moliyaviy muammolar sabab o‘z uyi bo‘lmagach, farzandlari bilan u manzildan-bu manzilga ko‘chib, ijarada yashadi. Rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratilgani Abduraimovlar oilasi kabi topish-tutishi yaxshi bo‘lsa-da, rasmiy daromadi kam yoki umuman bo‘lmagan yurtdoshlarimiz uchun qulaylik yaratdi. Qahramonimiz ham subsidiya asosida 3 xonali xonadon xarid qilib, bugun ushbu maskanda oilasi bilan yashab kelmoqda. 

Endi rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan fuqarolarning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari ham hisobga olinmoqda. Bunday ehtiyojmandlarning dastlabki badalni ko‘proq to‘lab, arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega bo‘lishi ham muhim voqelikdir. Bundan tashqari, subsidiyaning muddati qisqartirilishi, belgilangan muddatda subsidiya sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi berilishi, buning uchun joriy yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini 1,5 baravarga oshirish va mazkur maqsadlarga davlat byudjetidan 2,5 trillion so‘m yo‘naltirilishi yurtimizda har bir inson, uning hayoti qadrlanishining amaldagi ifodasidir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi soni yiliga qariyb 800 ming nafarga, yangi oilalar soni esa 300 mingtaga ortayotgani uy-joyga bo‘lgan talabni qondirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishni taqozo etmoqda. 2025-yil 21 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon yangi O‘zbekistonni ulkan qurilish, bunyodkorlik maydoniga aylantirdi.

Tahlillarga to‘xtalsak, so‘nggi 5 yilda umumiy maydoni 21,7 million kvadrat metr bo‘lgan ko‘p kvartirali uy-joylar barpo etilib, aholining uy-joy sotib olishiga ko‘maklashish uchun 67 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi hamda ushbu maqsadlarga davlat byudjetidan 44 trillion so‘m yo‘naltirildi. Daromadi yuqori bo‘lmagan 64 ming nafardan ortiq fuqaroga 3,5 trillion so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari to‘lab berildi. Bu borada Samarqand viloyatida ham salmoqli natijalar bor.

Viloyatda davlat dasturlari asosida 2024 yilda 11 mingdan ortiq xonadonli 153 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Joriy yilda esa davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan farmoni asosida 12500 xonadonli 179 ta uy-joy qurish belgilangan. Hozirgacha 645 xonadonli 11 ta uy-joy foydalanishga topshirilgan. 2025-yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun fuqarolardan kelib tushgan arizalar asosida 3431 ta fuqaroga subsidiya taqdim etildi.

Joriy yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi asosida hududlarda 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish, uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun 20,9 trillion so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlarini ajratish, “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun davlat byudjetidan 700 milliard so‘m hamda tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan 3 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Bu yil uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga byudjetdan 15 trillion 500 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Banklar tomonidan bunga qo‘shimcha 10 trillion so‘m, “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” tomonidan 2,3 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Buning yordamida 70 mingta xonadonning ipoteka krediti orqali sotilishiga sharoit yaratiladi. Shundan 30 ming xonadon, boshlang‘ich badaliga byudjetdan subsidiya to‘langan holda, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga beriladi.

Maqsud QURBONOV,

viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.