Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Respublika davlat byudjetiga shu yilning birinchi choragida 40,3 trillion so‘mlik soliq tushumlari tushgan

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida soliq tizimiga oid qator vazifalar belgilangan. Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha soliq to‘lovchilar bilan manzilli ishlashni tashkil qilish orqali soliq bazasini kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Jumladan, 2023 yilda soliq organlari tomonidan davlat byudjetiga 165,9 trln. so‘m tushirildi. Bu 2022 yilning mos davriga nisbatan 17,4 trln. so‘mga ko‘p.  

So‘ngi yillarda soliq tushumlari tarkibida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi. 2023 yil yakuni bo‘yicha 2017 yilga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq tushumlari 8 baravarga (8,8 trln. so‘mdan 70,7 trln. so‘mgacha) o‘sishi bilan birga ularning YaIMdagi ulushi 3,8 foiz punktga o‘sdi (YaIMga nisbatan 2,8 dan 6,6 foizgacha).  

– Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda byudjetning asosiy qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlar hisobidan shakllantiriladi. Bu esa iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi va soliq tizimining yanada samarali faoliyat yuritayotganidan dalolat beradi, – deydi Soliq qo‘mitasi QQS ma’murchiligi boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Imomov. – Bilvosita soliqlar bo‘yicha tushumlar 2,8 baravarga (18,2 trln.so‘mdan 51,5 trln.so‘mga) oshgan holda ularning ulushi YaIMning 5,7 foizidan 4,8 foizigacha – 0,9 foiz punktga kamaydi. Bunga sabab, islohotlar doirasida QQS stavkasi bosqichma-bosqich 20 foizdan 15 foizga va keyinchalik 12 foizgacha tushirildi. Resurs soliqlari va to‘lovlarining roli ortib, tushumlar 4 baravarga (6,9 trln. so‘mdan 28,1 trln. so‘mgacha), YaIMdagi ulushi esa 2,2 foizdan 2,6 foizgacha – 0,5 foiz punktga oshdi.  

– Shuningdek, joriy yilning I choragida byudjetga 40,3 trln. so‘mlik soliq tushumlari ta’minlanib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,4 trln. so‘mga ya’ni 6 foizga o‘sishiga erishildi, – deydi Soliq qo‘mitasi Byudjet daromadlarini prognozlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Hamdam Bobojonov. – Mahallabay ishlash institutining samarali tashkil etilishi natijasida tuman (shahar)larda (byudjet tashkilotlari to‘lagan soliqlarsiz) o‘sish 36,6 foizni tashkil etgan. Daromadlarni oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushumlar 31 foizga (+402 mlrd. so‘mga), yer solig‘i 30 foizga (+428 mlrd. so‘mga), yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq 20 foizga (+718 mlrd. so‘mga), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 17 foizga (+1,1 trln. so‘mga) o‘sdi.  

Pensiya jamg‘armasi daromadlari yanvar-mart oylarida 10,9 trln. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 trln. so‘mga ya’ni 117 foizga oshdi.  

– Shuni ham aytish joiz, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining «Yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish orqali soliq bazasini qo‘shimcha kengaytirish, raqamlashtirish tizimi samarasini oshirish yo‘nalishida belgilangan vazifalarga ko‘ra, soliq organlari faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi, -deydi Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev. – Natijada tovar aylanmalarining legallashuvi kuzatilib, onlayn nazorat-kassa mashinalari (ONKM) orqali o‘tgan savdo hajmi 2023 yilda 2022 yilga nisbatan 40 foizga yoki 78 trln. so‘mga oshdi. Ushbu o‘sish joriy yilning I choragida ham davom etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foiz o‘sdi.  

Xuddi shunday EHF orqali tovar aylanmasi I chorakda 378,1 trln. so‘mni tashkil etib, 25 foiz o‘sdi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasidagi yana bir muhim yo‘nalish – barcha tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, rasmiy sektor – nolegal faoliyatdan afzal va manfaatli bo‘lishi uchun barcha zarur sharoitlarni ta’minlash belgilangan. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha taksi xizmatlari sohasini legallashtirish, rasmiy ish bilan band bo‘lmagan shaxslar faoliyatini qonuniylashtirgan holda ushbu bozordagi aylanmalar hisobini yuritish samaralarini alohida ta’kidlash lozim.  

– Xususan, yo‘nalishsiz taksi xizmatini ko‘rsatayotgan o‘zini o‘zi band qilgan n shaxslar joriy yil boshida 317 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, mijozlarni izlash bo‘yicha agregatorlar axborot tizimi soliq organiga integratsiya qilindi, – deydi Soliq qo‘mitasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffar Yusuf Nazarov. – Natijada aprel oyining 23 sanasiga ko‘ra, ularning soni 481,4 ming nafarga yetdi. Ya’ni yanvarda 52,4 ming, fevralda 51,4 ming, martda 36,9 ming va aprelda 23,8 ming nafarining faoliyati legallashtirildi. Fiskal cheklarning berilishi hisobiga yil boshidan 980,4 mlrd. so‘m, shundan, yanvar oyida 73,8 mlrd. so‘m, fevral oyida 159,4 mlrd. so‘m, mart oyida 414,1 mlrd. so‘m, aprel oyida 337 mlrd. so‘m daromadlari qonuniy rasmiylashtirildi.  

Integratsiya qilish bo‘yicha ariza bergan 125 ta agregatorlarga integratsiya jarayonlari yuzasidan amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda. 2024 yil 1 apreldan yirik soliq to‘lovchilar uchun tovar-transport yuk xatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish ushbu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Tizimdan foydalanish uchun elektron tovar-transport yuk xati yukni jo‘natuvchi tomonidan rasmiylashtiriladi hamda yukni yetkazib beruvchi mas’ul shaxs (haydovchi) tomonidan yuklarni qabul qilib olish va topshirish vaqtida, shuningdek, yukni oluvchi tomonidan yuklar qabul qilinganda elektron raqamli imzo orqali tasdiqlanadi.  

Bunda, haydovchilarga qulaylik yaratish maqsadida elektron TTYuni telefon qurilmasida Soliq mobil ilovasi orqali Face-ID tizimi yordamida tasdiqlash imkoniyati yaratilgan.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, tashuvchilar tomonidan yuk tashish qoidalarining buzilishi BHMning 5 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.  

Elektron TTYu tizimini joriy qilishdan maqsad tadbirkorlik sub’yektlarini jazolash emas, balki soliq ma’murchiligi jarayonlarini avtomatlashtirish orqali ular tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan qonun buzilish holatlarining oldini olish va xufiyona iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirishga qaratilgandir.  

– Yana bir ma’lumot, tizim joriy qilingandan buyon aprel oyining o‘tgan davrida 882 ta korxona tomonidan jami 47,5 mingta elektron TTYu rasmiylashtirildi, – deydi Soliq solish metodologiyasi boshqarmasi boshlig‘i Komil Sayidov. – Ushbu jarayonda 9,7 mingta avtomobil transportida 12,5 ming turdagi jami 564 mln. tonna yoki 123,5 trln. so‘mlik yuk tashildi. Soliq qonunchiligiga 1 apreldan joriy etilgan va keng muhokamalarga sabab bo‘lgan yana bir o‘zgarish – dori vositalari va tibbiy buyumlar hamda xizmatlarga QQS imtiyozi bekor qilindi. Bundan maqsad – QQSning to‘liq zanjirini yaratish. Endilikda soliq to‘lovchilar QQS bilan realizatsiya qilingan dori vositalari va boshqa tibbiy buyumlar uchun QQS summasini hisobga olishi mumkin bo‘ladi.  

Adliya vazirligida 3242-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan nizom talablariga ko‘ra, import qilinadigan, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadigan dori vositalarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda referent narx shakllantirish mumkinligi belgilangan.  

– Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Soliq qo‘mitasi aholi tomonidan eng ko‘p xarid qilingan 24 turdagi dori vositalarining EHF orqali, ya’ni pul ko‘chirish yo‘li bilan hamda ONKM orqali naqd pulda realizatsiya qilish narxlarining joriy yildagi o‘zgarishini tahlil qilib chiqdi, – deydi Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Komil Sayidov. – Masalan, Teraflyu dori vositasi yanvar oyida 57,9 ming so‘mdan import qilingan bo‘lib, aprel oyida ushbu mahsulot referent narxi (+15 foiz)dan 45 foiz yuqori narxda ya’ni 78,1 ming so‘mdan sotilgan (aslida 57,9+15%=66,7 ming so‘mdan sotilishi kerak). Umuman, qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’murchiligi yildan yilga takomillashib bormoqda. Salbiy farq summasini qaytarish tartibini soddalashtirgan holda shaffof tizim yaratilib, insofli soliq to‘lovchilarga QQS summasi ortiqcha tekshiruvlarsiz qaytarilmoqda.  

O‘tgan yili tadbirkorlik sub’yektlariga 19,6 trln. so‘mdan ortiq QQS qoplab berildi. 2024 yilning birinchi choragida esa QQS qoplash bo‘yicha jami 7 072 ta korxona murojaat qilgan bo‘lib, ularning 2 138 tasining 5 388 mlrd. so‘m QQS summasi qoplab berilgan.  

Yaratilayotgan sharoitlar va berilayotgan imkoniyatlarga qaramay, ayrim QQS to‘lovchi korxonalar tomonidan soliqlarni to‘lashdan qochish maqsadida kirim qilinayotgan tovarlar tannarxini asossiz oshirib ko‘rsatish yoki sotilayotgan tovarlar narxini bozor narxidan past narxda sotish, nomutanosib tovarlar realizatsiyasini amalga oshirish, ustav kapitalini oshirish kabi turli qing‘ir yo‘llardan foydalanilayotgani kuzatilmoqda.  

2023 yilda 10 689 ta korxonaning 6,8 trln. so‘m QQS summasini qoplab berish rad etilgan bo‘lsa, joriy yilning I choragida 4 934 ta korxonaning 5,3 trln. so‘mlik murojaati soliq hisobotlarida va risk darajasi yuqori bo‘lganligi sababli rad etilgan.  

Misol uchun, qurilish sohasida faoliyat yurituvchi "N.M"MChJning 10,1 mlrd. so‘m QQS salbiy farq summasini qoplash yuzasidan yuborilgan arizasi tovarning yetkazib beruvchisi shubhali korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan va yetkazilgan tovarlar uning kirim hujjatlarida qayd etilmagani sababli rad etilgan.  

Bir so‘z bilan aytganda, Soliq organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari bilan ochiq muloqot orqali ularning takliflarini qo‘llab-quvvatlash va teng raqobat sharoitini yaratishga qaratilgan tadbirlar tizimli davom ettirilmoqda. Mahalliy soliqlar, ya’ni mol-mulk va yer soliqlarining birinchi yarmini 15 aprelga qadar to‘lash belgilangan bo‘lib,  bugunga qadar ushbu soliqlar bo‘yicha aholi tomonidan 581 mlrd. so‘m to‘landi. 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA