Davlat mulkini ijaraga oluvchilar uchun yengilliklar beriladi

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 dekabrdagi “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat mulkini ijaraga berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom bilan davlat mulkini ijaraga berish tartiblari belgilangan.

Ushbu nizom va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga ko‘ra, viloyatda 2024 yilda davlat ko‘chmas mulkini ijaraga berish bo‘yicha umumiy maydoni 423 895 kvadrat metr bo‘lgan bino-inshootlar (bino qismlari-xonalar)ni umumiy qiymati 28,9 milliard so‘mlik 2162 ta ijara shartnomasi tuzilgan.

2024 yilda viloyatimizda 1700 dan ortiq ijara shartnomalarini rasmiylashtirish hamda 23 milliard so‘mdan ortiq ijara to‘lovlarini undirish rejalashtirilgan bo‘lsa, yil yakuni bilan jami 32,8 milliard so‘m ijara to‘lovlari davlat byudjetiga undirildi.

2025 yilning o‘tgan davrida viloyatda umumiy maydoni 143 408,6 kvadrat metr bo‘lgan davlat mulki ob’yektlarining bo‘sh turgan qismlari (xonalari) 1001 ta lotga bo‘lingan holda boshlang‘ich 19,4 milliard so‘mlik narx bilan ijaraga berish uchun auksion savdolariga chiqarildi. Shundan umumiy maydoni 111 470,6 kvadrat metr bo‘lgan 845 tasi auksionda tadbirkorlar tomonidan yutib olingan va yillik ijara qiymati 25 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi.

O‘z navbatida, barcha ob’yektlar ochiq va shaffof mexanizmlar asosida auksion savdolariga belgilangan hujjatlari ilova qilingan holda chiqariladi.

Prezidentimizning 2025 yil 21 apreldagi “2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi farmonida davlat mulkini ijaraga berishni takomillashtirish maqsadida:

- yillik ijara to‘lovlari bir oy davomida to‘langan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadagi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma beriladi;

- olti oy davomida auksion savdolarida ijaraga berilmagan ob’yektlarning boshlang‘ich narxi 50 foiz pasaytirilgan qiymatda belgilanadi. Bunda, auksionda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham, istisno tariqasida, u o‘tkazilgan, deb hisoblanadi.

Abduvohid Yangiboyev,

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki ob’yektlaridan samarali foydalanish markazining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i.