Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Kadastr agentligi tashkil etiladi
Prezidentimizning 2020 yil 7 sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etiladi.
Kadastr agentligi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida:
ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi;
ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish;
ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlashga va yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan samarali yer nazoratini amalga oshirish;
geodeziya va kartografiya sohasida:
geodeziya va kartografiya sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlash;
aerokosmik suratga olish, topografiya-geodeziya, kartografiyaga oid izlanishlar hamda tadqiqotlar, yerlarni masofadan zondlash, geodinamik tadqiqotlar ma’lumotlari va materiallaridan foydalangan holda kartografik monitoringni amalga oshirish;
davlat kartografiya-geodeziya kadastrini yuritish;
davlat geodeziya nazoratini amalga oshirish;
davlat kadastrlarini yuritish sohasida:
davlat kadastrlarini yuritish sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlash;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish, hududlar davlat kadastrining samarali yuritilishini ta’minlash;
davlat kadastrlarini yuritish tartiblariga rioya qilinishini ta’minlashga qaratilgan samarali kadastr nazoratini amalga oshirish;
ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlarini yuritish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlarini yuritish sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta’minlaydi.