Davlat xaridi qanday amalga oshiriladi?

Bu haqda Prezident huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazi vakillari va viloyatimizdagi korxona-tashkilotlar xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan seminarda tushuncha berildi.

– "Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni va Prezidentimizning 2018 yil 27 sentyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining "Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida davlat xaridlarini amalga oshirishdagi barcha jihatlar aniq belgilab berildi, – deydi markaz bo‘lim boshlig‘i Sherzod Sodiqov.– Unga ko‘ra, davlat organlari byudjet tashkilotlari, byudjetdan mablag‘ oluvchilar va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjet buyurtmachisi hisoblansa, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar korporativ buyurtmachi sifatida belgilandi. Yana xaridni amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlashdagi kollegial organ sifatida tender komissiyalari tashkil etildi.

Seminarda ta’kidlanishicha, endilikda byudjet buyurtmachilari eng kam ish haqining 6 ming barobaridan oshadigan xaridlarni, korporativ buyurtmachilar esa eng kam ish haqining 25 ming barobaridan ko‘p bo‘lgan davlat xaridlarining hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishlari lozim bo‘ladi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.