Davlat xaridlari bo‘yicha tanlovlarda 755 ta kamchilik aniqlandi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Samarqand viloyati hududiy boshqarmasida jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Qo‘mita raisi maslahatchisi O.Usmanov, hududiy boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi M.Hamroyev va boshqarma mutasaddilari, hamkorlar tashkilot vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda hududiy boshqarma tomonidan 2023 yilda va joriy yil boshidan buyon monopoliyaga qarshi kurashish, sog‘lom raqobatni ta’minlash hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
M.Hamroyevning qayd etishicha, o‘tgan yil davomida boshqarmaga jismoniy va yuridik shaxslardan 2000 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarni o‘rganish natijalari bo‘yicha 5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ tadbirkorlar va iste’molchilar foydasiga hal etilgan. Jumladan, davlat xaridlari nazorati bo‘yicha 3000 ta tanlov savdolari o‘rganib chiqilganda 755 ta kamchilik aniqlangan.
– Misol uchun, 36 holatda tanlov ishtirokchilari o‘rtasida afillanganlik holati qayd etildi – dedi M.Hamroyev. – Ushbu yo‘nalishda 38 ta tadbirkorlik sub’yektidan tanlov savdolarida qonun buzilgani yuzasidan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilganda, 37 holatda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni talablarini buzilish xolatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Tabiiy monopoliya sohasida esa yuridik shaxslardan 26 ta murojaat kelib tushdi va mazkur murojaatlar asosida tadbirkorlik sub’yektlarining 8 milliard 700 million so‘m mablag‘i qayta hisob-kitob qilinib, qaytarilishi ta’minlandi. Xususan, “SamFurut” korxoasiga “Samarqand suv ta’minoti” MChJ tomonidan oqava uchun hisoblangan 5,7 milliard so‘m mablag‘ noqonuniy deb topildi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish yo‘nalishida “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablaridan kelib chiqib, “ISSIQLIK MANBAI” davlat unitar korxonasi Nurobod filiali tomonidan iste’molchilarga issiq suv va issiqlik energiyasini belgilangan me’yorlar darajasida yetkazib berilishi o‘rganilganda 2000 nafarga yaqin iste’molchiga yetkazib berilmagan issiqlik energiyasi uchun to‘lov yozilgani aniqlanib, 210 million so‘m pul mablag‘i qayta hisob-kitob qilindi.
Fuqaro T.Sattorovning hududiy boshqarmaga murojaati asosida “SAM ROS STORY LUX” MChJdan uning foydasiga 254 million 825 ming so‘m pul mablag‘i sudning hal qiluv qarori bilan undirilishi ta’minlandi.
Fuqaro G.Yuldasheva esa boshqarma ko‘magida “LLP SCM GROUP” MChJdan 10 million so‘m mablag‘ini qaytarib oldi. Xuddi shunday Elmaz Abduramanova ushbu firmadan 21 million so‘mga sotib olgan “FIJI” vibromassaj uskunasi to‘lagan mablag‘ini qaytarib olishga erishdi.
Ochiq muloqotda ushba shaxslar amaliy yordami uchun boshqarma mas’ullariga minnatdorlik bildirdi.
Hududiy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari J.Ashurovning ma’lum qilishicha, joriy yil boshidan buyon yuridik va jismoniy shaxslardan tushgan 350 dan ziyod murojaatlarning 84 foizi ijobiy hal etilgan. Bu murojaatlarning asosiy qismi kommunal xizmat, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan. Shu davrda 1 milliard so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan va 120 nafar iste’molchining huquqlari tiklandi.
– Belgilangan tartibda tegishli idoralar bilan hamkorlikda 27 ta AYoQShda iste’molchilar huquqlarining ta’minlangani o‘rganilganda 13 ta shoxobchada sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi va 200 million so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi – deydi J.Ashurov. – Shuningdek, 100 ga yaqin dorixona faoliyati o‘rganilib, 43 tasining egalariga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi. Bundan tashqari, viloyatdagi 141 ta savdo shoxobchasida 3300 dan ortiq iste’molga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotgani aniqlandi.
Ochiq muloqotda qo‘mita va hududiy boshqarmalar faoliyati ochiqligini ta’minlash yuzasidan e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ko‘lamini kengaytirish va dolzarbligini ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik va OAV vakillarining takliflari hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vakillarining hamkorlikka oid tavsiyalari tinglandi.