Davlat xazinasi aholi farovonligi, bunyodkorlik hamda iqtisodiyotimiz yuksalishiga xizmat qiladi
2017 yilda viloyatimizda iqtisodiy barqarorlik va sohada yuqori o‘sish sur’atlarining saqlangani viloyat byudjetining ijrosiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada mahalliy byudjet daromadlari 2016 yilga nisbatan 18,5 foizga o‘sib, 1 trillion 553 milliard so‘mni, xarajatlar qismi esa qariyb 2 trillion 404 milliard so‘mni tashkil etdi.
Mahalliy byudjet xarajati mablag‘larining 82 foizi yoki 1 trillion 973 milliard so‘mi ijtimoiy soha hissasiga to‘g‘ri keldi. Jumladan, ta’lim sohasi xarajatlari 1 trillion 225 milliard so‘mni, sog‘liqni saqlash – 558 milliard so‘mni, madaniyat va sport xarajatlari – 34 milliard so‘mni, ijtimoiy nafaqalar – 154 milliard so‘mni tashkil etdi.
Endi 2018 yilga mo‘ljallangan viloyat mahalliy byudjeti, byudjet va soliq siyosatini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlariga e’tibor qaratsak.
Mahalliy byudjet loyihasini tuzishda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda soliq-byudjet siyosatining quyidagi asosiy yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
1-yo‘nalish – Prezidentimizning soliqlar sonini qisqartirish va soliq yukini yengillashtirish, birinchi navbatda, yirik korxonalar, bazaviy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan bergan topshiriqlariga muvofiq amalga oshirildi.
Birinchidan, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i (7,5 foiz) hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soliqlari (8 foiz) yagona soliqqa – foyda solig‘iga birlashtirildi va umumiy stavka amaldagi 15,5 foizdan 14 foizgacha kamaytirildi.
Ikkinchidan, pensiya jamg‘armasiga (1,6 foizdan 1,5 foizgacha), respublika yo‘l jamg‘armasiga (1,4 foiz saqlanib qolindi), ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga (0,5 foizdan 0,3 foizgacha) majburiy ajratmalarning umumiy stavkasi 3,5 foizdan 3,2 foizga kamaytirildi.
Uchinchidan, o‘simlik yog‘i bo‘yicha aksiz solig‘i stavkasini 50 foizga qisqartirish hisobiga fermerlar daromadini ko‘paytirish maqsadida paxta tolasi hamda chigit narxi oshirildi.
To‘rtinchidan, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq yuki darajasi pasaytirilib, fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan hisob raqamlariga ajratma miqdori amaldagi 1 foizdan 2 foizgacha oshirildi.
Beshinchidan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari o‘rtacha 30 foizga pasaytirildi.
2-yo‘nalish – Prezidentimizning mahalliy byudjetlar daromad bazasini mustahkamlashni rag‘batlantirish, mahalliy hokimiyatlarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash yuzasidan qat’iy belgilab bergan topshiriqlari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar samarasi. Bunda, birinchidan, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i, tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari uchun qat’iy belgilangan soliqlar, bozorlardan tushadigan daromadlar, ayrim turdagi tovarlar bilan savdo qilish va xizmatlarning alohida turlarini ko‘rsatish uchun olinadigan yig‘imlar tumanlarning o‘zida qoldiriladigan bo‘ldi.
Ikkinchidan, viloyat darajasida kichik korxonalardan yagona soliq to‘lovi, yagona yer solig‘i, yuridik shaxslarning yer va mulk soliqlari hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i viloyat va tuman mahalliy byudjetlariga ularning xarajatlaridan kelib chiqib taqsimlanadi.
Uchinchidan, mahalliy byudjetlar daromadlar bazasini mustahkamlashni nazarda tutuvchi quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
– yagona soliq to‘lovchi kichik korxonalarning yer maydonining bir gektardan ortiq qismiga yer solig‘ini kiritish;
– jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, shu mulkning bozor bahosiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymatidan olish.
Bundan tashqari, hududlarning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘iga kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi;
– mahalliy hokimiyat idoralariga, ayrim mahalliy soliqlar bo‘yicha hudud xususiyatlaridan kelib chiqib, bazaviy stavkalarni kamaytiruvchi (0,7) va ko‘paytiruvchi (1,3) koeffitsiyentlar qo‘llash huquqi beriladi.
3-yo‘nalish – mahalliy byudjetlarning daromadlar bazasini mustahkamlash, tabiiy va ishlab chiqarish resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanishni rag‘batlantirish hamda ayrim turdagi mahsulotlar iste’molini optimallashtirish.
Shu maqsadda yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning qat’iy belgilangan stavkalari 15 foizga indeksatsiya qilindi. Alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘i stavkalarini mahsulot turiga qarab, 10 foizdan 27 foizgacha, pivo uchun – 20 foizga indeksatsiya qilish hisobiga byudjetga qo‘shimcha 13,5 milliard so‘m mablag‘ undiriladi.
Endi 2018 yil viloyat mahalliy byudjetining jami xarajatlariga to‘xtalsak. Mazkur xarajatlar 2 trillion 629 milliard 867 million so‘m miqdorida belgilangan. Shundan ijtimoiy soha xarajatlariga 2 trillion 305 milliard 285 million so‘m yo‘naltirilmoqda. Jumladan, ta’lim xarajatlariga 1 trillion 412 milliard so‘m yoki 2017 yilga nisbatan 16 foizga ko‘p, sog‘liqni saqlash sohasiga 638 milliard so‘m mablag‘ yoki 2017 yilga nisbatan 1.1 barobar ko‘p, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam hamda boshqa ijtimoiy to‘lovlarga 207 milliard so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 34 foizga ko‘p, madaniyat xarajatlariga 15 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. 2018 yilda iqtisodiyot xarajatlariga mahalliy byudjetdan ajratilgan xarajatlar hajmi qariyb 100,3 milliard so‘m, markazlashgan investitsiya xarajatlariga 53 milliard so‘m ko‘zda tutilgan.
2018 yil byudjet loyihasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan tadbirlar ham inobatga olingan. Jumladan, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kichik biznes korxonalari tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovi uchun hisoblangan summaning 8 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Ushbu tadbirlarning amalga oshirilishi bilan 2018 yilda viloyat mahalliy byudjeti daromadlari 1 trillion 637 milliard 530 million 683 ming so‘m, xarajatlari 2 trillion 629 milliard 866 million 912 ming so‘m miqdorida belgilanmoqda. Bunda ijtimoiy soha uchun respublika byudjetidan viloyat byudjetiga 992 milliard 336 million 229 ming so‘m transfertlar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Botir MIRZAYeV,
viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i.