Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari: Yangisi eskisidan farqi bormi?
Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 14 oktyabrdagi qarori bilan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari tasdiqlandi.
Qayd etish lozimki, shu vaqtgacha davlat xizmatchisining ishdan tashqari vaqtlardagi xulq-atvorini tartibga soluvchi, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi, xizmat faoliyatidagi tashqi ko‘rinish va kiyinish uslubiga oid talablar, odob-axloqi qoidalarini nazorat qilish belgilanmagan edi.
Hukumat hujjati asosida sanab o‘tilgan barcha munosabatlarni hal etishga huquqiy yechim yaratildi. Ahamiyatlisi, odob-axloq qoidalarida davlat xizmatchilarini himoya qilish kabi prinsiplar ham belgilangani barcha jihatlarni e’tibordan chetda qolmaganini bildiradi.
Odob-axloq qoidalaridan ko‘zlangan eng birinchi maqsad davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish orqali xalqimizni rozi qilishdan iborat. Qolaversa, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga bo‘lgan hurmat va ishonchni mustahkamlash ko‘zda tutilyapti. Qat’iy qoidalar orqali davlat xizmatchilarini axloqqa zid xatti-harakatlarni sodir etishining oldini olish ham maqsad qilingan.
Savol tug‘ilishi mumkin, avval ham ayni shunday qoidalar bor edi-ku, farq nimada? Chindan ham Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi qarori bilan "Odob-axloq qoidalari" tasdiqlangan. So‘z yuritilayotgan hujjatda undan farqli o‘laroq, odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, qoida buzilganda javobgarlikni belgilash hamda davlat xizmatchisining manfaatlarini himoya qilish kabi yangi mexanizmlar belgilandi. Zotan, shu paytgacha xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq yuzaga keladigan tahdid, haqorat va qonunga xilof boshqa xatti-harakatlardan davlat xizmatchilarini himoya qilishning huquqiy asoslari yo‘q edi.
Endi davlat xizmatchilarini qonunga xilof boshqa xatti-harakatlardan himoya qilish davlat organi rahbarining majburiyati sifatida belgilandi.
Yangi tartib bo‘yicha odob-axloq qoidalariga rioya etilishini tashkilotning inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari yoki odob-axloq komissiyalari, shuningdek maxsus vakolatli davlat organi tomonidan nazorat qilib boriladi.
Bundan tashqari, har bir tashkilotda davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etishini nazorat qilish, ularning axloq normalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarining oldini olish va odob-axloq qoidalariga rioya etish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqish uchun Komissiya tuziladi. Komissiya umumiy besh nafardan kam bo‘lmagan holda tajribali, mehnat jamoasida obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan davlat xizmatchilaridan iborat tarkibda bo‘ladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga rioya qilishini nazorat qilishda maxsus vakolatli organ etib belgilandi.
Ushbu yangi "Odob-axloq qoidalari"da unga rioya etmaganligi uchun davlat xizmatchisiga nisbatan uch xil javobgarlik belgilandi.
Birinchisi, axloqiy ta’sir choralari. Ogohlantirish, uzr so‘rash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish hamda davlat organlari va tashkilotlarining kollegial yig‘ilishlarida tanbeh berish kiritilgan.
Ikkinchisi, intizomiy ta’sir choralari. Amaldagi mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan intizomiy ta’sir choralari kiritilgan.
Uchinchisi, davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzishi qonunga muvofiq boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Qisqasi, davlat xizmatchisi faoliyati davomida ham ishdan tashqari vaqtlarda ham o‘zining xulq-atvori, tashqi ko‘rinishi hamda so‘zlashuv odobi bilan qolganlarga o‘rnak va shaxsiy namuna bo‘lishi shart.
Alimardon Rahmatullayev,
Samarqand shahar hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari.