Davlatimiz rahbari imzolagan hujjat odil sudlov sari yana bir qadam bo‘ldi
Mamlakatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sud tizimini izchil demokratlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hisoblanadi.
O‘tgan yillar davomida sudni hokimiyatning mustaqil va alohida tarmog‘i sifatida tashkil etish, uni o‘tmishdagi jazolash organidan inson huquq va erkinliklarini muhofaza qiluvchi hamda ishonchli himoya qiluvchi davlatning chinakam mustaqil institutiga aylantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2020 yil 24 iyul kuni “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Unda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish bo‘yicha olib borilgan ishlarimizni yuqori bosqichlarga yetkazish, shu bilan birga, sud himoyasini ta’minlashdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar saqlanib qolayotganligi, sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari mavjudligi, investorlar huquqlarining sud himoyasida bo‘lishi yetarli darajada tashkil etilmaganligi va boshqa bir qator kamchiliklar sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.
Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etilishi xalqaro standartlarga asoslangan bo‘lib, sud tizimi boshqaruvi samaradorligini oshishiga xizmat qiladi.
Prezident Farmonidagi sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish institutini tugatilishi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilinishi ayni muddo bo‘ldi.
Bunday tashqari, farmon bilan tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa, Oliy sudning sudlov hay’atlari tomonidan apellyasiya tartibida qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Vpellyasiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlarini Oliy sudning sudlov hay’atlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqilishi, Oliy sudi sudlov hay’atlari tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarini Oliy sud raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqilishi kabi o‘zgarishlarning kiritildi.
Shu bilan bilan birga, farmonda prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori bo‘yicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina, suddan chaqirib olib o‘rganilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishi istisno etilganligi odil sudlovga erishish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi.
Umuman, farmon xalqimiz osoyishtaligiga erishish yo‘lidagi qilinayotgan sud-huquq sohasida ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovni ta’minlash, fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shu bilan birga, sud tizimini amaldagi tuzilishini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Navbahor TURSUNOVA,
Ishtixon tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi.