Davr fidoyisi: Fermer zavod quryapti
- Farzandimning jarrohlik amaliyotiga 30 million so‘m sarflanishini aytishganida peshonamdan sovuq ter chiqib ketdi, - dedi ism-sharifini bildirishni istamagan onaxon. – Qishloqqa tushkun kayfiyatda qaytdim. «Uyda pulga chaqadigan hech vaqo yo‘q. Tomorqaning bir qismini sotsakmikan?» Ana shunday xayol og‘ushidan mahallaga chaqirishganida chalg‘idim.
- Barini eshitdim, - dedi Past Darg‘om tumanidagi «Eldor –K» fermer xo‘jaligi raisi Erkin Sherov. – Qog‘ozlarini to‘g‘rilayvering, jarrohlik amaliyoti uchun mablag‘ni xo‘jalik zimmasiga oladi.
Ochig‘i, biroz dovdirab qoldim.
Darvoqe, bu saxovatpesha fermerning o‘nlab xayrli ishlaridan biri. Qo‘li ochiqligidan ham «Eldor-K»ning tarmoqlari kun sayin kengayib, ishi rivoj topmoqda. Xo‘jalikning parranda, chorva, dehqonchilik tarmoqlari har qaysisida o‘nlab qishloq yoshlari mehnat qilishyapti, ro‘zg‘or tebratishyapti.
- Qishloqda yashaymiz. Faqat maosh bilan oilani to‘kis qilish qiyin. Shu bois mazkur xo‘jalikda ishlayapman. Mehnat haqimizdan tashqari ro‘zg‘or ehtiyoji uchun chorva, parranda mahsulotlarigacha ajratishadi. Bularning bari pulga chaqilsa, xorijda pul topayotganlarnikidan kam emas. Yana oilam bag‘ridaman, ko‘ngil xotirjam, - dedi tovuqxonada mehnat qilayotganlardan biri.
Ishchilarning ta’kidlashicha, bu yerda ishlaganlarning aksariyati uylarida ham parrandachilik bilan shug‘ullanadi. Tuxum, go‘sht yo‘nalishida jo‘ja, kerakli ozuqa xo‘jalik tomonidan berilarkan.
Xo‘jalik g‘alladan 90 sentnerdan oshirib hosil olgani haqida xabar tarqaldi. Dehqonchilikdagi bu muvaffaqiyat siri nimada? Fermerning kelgusidagi niyatlari qanday? Xabar asnosida ko‘ngildan o‘tgan shu kabi savollarga ham oydinlik kiritishga harakat qildik.
- 492,5 gektar yer ixtiyorimizda, - dedi E.Sherov. – Paxta, g‘alla, makkajo‘xori ekilgan. Bu ekinlar uchun deyarli mineral o‘g‘it olmaymiz. Kuz-qish mavsumida fermadan mahalliy o‘g‘it chiqaramiz. To‘yingan yerda hosil bo‘liq bo‘ladi-da.
- Hozir qancha parranda parvarishlanyapti?
- 200 mingta tuxum yo‘nalishida parranda bor. Shu kecha-kunduzda 92 mingta jo‘ja ham bosqichma-bosqich mahsulot olishga tayyor. Mahsulot eksportiga alohida e’tibor qaratyapmiz. Tojikiston, Afg‘onistonga tuxum yetkazib beramiz. Bundan tashqari, ichki bozorda ham parhez go‘sht, tuxumga ehtiyoj katta.
Fermada 420 bosh naslli qoramol ham boqiladi. Shundan 200 boshi sigir. Har kuni 4,5 tonnaga yaqin sut topshirish bo‘yicha «Almo‘min» sutni qayta ishlash korxonasi bilan kelishuvimiz bor. Bu gaplarni bejiz aytmayapman. Parranda uchun ham, chorvaga ham ratsion asosida yem zarur. Shuning uchun omuxta yem ishlab chiqarish zavodini, 1500 bosh qoramolga mo‘ljallab ferma qurishni boshlaganmiz. Yaqin vaqtlarda har ikkala qurilish ham poyoniga yetadi. Yana bir niyatimiz - daromadlarimiz hisobiga kelgusi yil sutni qayta ishlash texnologiyasini o‘rnatamiz.
24 yil burun oilaviy korxona sifatida tashkil etilgan tadbirkorlik sub’yekti bugun ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylandi. Fermerning ko‘ngil qatidagi niyatlari esa birin-ketin ushalyapti. Ezgu rejalar ortida Oshiqota mahallasining o‘nlab yigit-qizlari ham o‘rganishyapti, ham oila qo‘rg‘onini mustahkamlash uchun muqim ish o‘rniga ega bo‘lishmoqda.
Baxtiyor Shukurov.