Daydi itlarga xo‘rak berilishidan maqsad nima?

Ijtimoiy tarmoqlarda itlarni yo‘qotish bo‘yicha tarqalgan holatga Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi izoh berdi:

Samarqand shahrida keyingi paytlarda qarovsiz, daydi itlar ko‘paydi. Natijada, joriy yil davomida uch holatda egasiz daydi itlar tomonidan fuqarolarga guruhli tan jarohati yetkazish holati kuzatildi.

Jumladan, 27-28 avgust kunlari Samarqand shahrining Rudakiy, Gagarin, Navoiyshoh va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari hamda Temir yo‘l vokzalining old qismida 16 nafar fuqaroga noma’lum it jarohat yetkazgan.

Bu kabi ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi hamda obodonlashtirish boshqarmasining it tutish brigadasi hamkorligida ishchi guruh tuzildi.

Guruh tomonidan 28-31 avgust kunlari Samarqand shahridagi 2905 ta xonadonga uyma-uy kirildi va 1003 ta it borligi aniqlandi. Shundan 262 ta it ro‘yxatga olinib, quturish kasalligiga qarshi emlandi. Itlarning qolgan 741 tasi esa joriy yilda quturish kasaliga qarshi emlangan. 

Ishchi guruh tomonidan daydi itlar xo‘rak berib yo‘qotildi. Biroq ishchi guruh a’zolaridan biri aholi xonadonidagi itga ham xo‘rak berayotgani aniqlandi va bu ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ham o‘z isbotini topdi. Aslida ishchi guruhga bunday topshiriq berilmagan. Shunday bo‘lsa-da, xodim ko‘rsatmaga amal qilmasdan, o‘zboshimchalik bilan harakat qilgan. Mazkur holat uchun unga qonun doirasida chora ko‘riladi.