Daydi itlarni nega nazorat qilib bo‘lmayapti? Yoxud bu tizimdagi muammolarga bir nazar

Keyingi paytda hududlarda daydi itlar ko‘payib borayotgani ko‘pchilikni tashvishlantirmoqda. Buni aholidan tushayotgan murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar ham tasdiqlab turibdi. Xususan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda yosh bolaga ko‘cha itlari hujum qilgani haqidagi tasvir tarqalgach, ba’zi hududlarda daydi itlarni ommaviy qirish boshlangani haqida gap-so‘zlar bo‘ldi.

Xo‘sh, viloyatda itlar vaqtida emlanyaptimi, ko‘cha itlari uchun maxsus joy yo‘qmi, ularni kim nazorat qiladi?

 Viloyatda 3246 nafar odamga it va mushuklar tomonidan jarohat yetkazilgan

Viloyat veterinariya va chorvachilik boshqarmasining ma’lum qilishicha, viloyat bo‘yicha 406 ming 802 bosh it va 11 ming 170 bosh mushuk ro‘yxatga olingan. Joriy yilning o‘tgan davrida 334 ming 594 bosh it, 5473 bosh mushuk quturishga qarshi emlanib, 362 ming 560 bosh it va 7590 bosh mushuk klinik ko‘rikdan o‘tkazilgan. Shuningdek, 393 ming 835 ta xonadonga it va mushuklarni saqlash tartibi tushuntirilgan.

Bir qarashda bu raqamlardan uy hayvonlarini nazorat qilish ishlari belgilangan tartibda olib borilayotganga o‘xshaydi. Aslida ham shundaymi? Nega unda daydi itlar ko‘payib ketyapti, ko‘cha itlarini ovlash mumkinmi o‘zi?

 - Viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida 1129 nafar fuqaroga egali va 2117 nafar odamga daydi it va mushuklar tomonidan jarohat yetkazilgan, - deydi viloyat veterinariya va chorvachilik boshqarmasi epizootologi Hamdam Umarov. – Xayriyatki, mazkur holatda odamlarda ham hayvonlarda hech qanday kasallik alomatlari kuzatilmadi. Uch yil oldin daydi it va mushuklarni ovlash, zaharli xo‘rak bilan yo‘q qilish mumkin edi. 2021 yilda Jinoyat kodeksiga hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish haqidagi modda kiritildi.

Unga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni g‘arazli yoki boshqa maqsadlarda ularga aziyat yetkazish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynaganlik uchun ma’muriy chora qo‘llanilganidan keyin takroran sodir etilsa, BHMning 25 dan 50 baravarigacha jarima, 240 soatgacha jamoat ishlari, 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha ozodlikni cheklash yoki 6 oygacha qamoq jazosi qo‘llanilishi belgilandi. Shu asosda hozir daydi itlar ovlanmasdan maxsus punktlarda saqlanyapti. Ammo viloyatda bunday joy faqat Samarqand shahrida bor, tumanlarda esa umuman yo‘q. Shuning uchun viloyatda daydi itlar soni ko‘payib bormoqda.

Shaharda ham itlarni eplab bo‘lmayapti. Muammo nimada?

Tumanlarni qo‘yib turaylik, sayyohlik markaziga aylantirilishi rejalashtirilayotgan ko‘hna kentda daydi itlarning ko‘payib borayotgani barcha samarqandliklarni va shahrimizga kelgan mehmonlarning ham dilini xira qilishi aniq. Itlar bir yilda uch marta bolalashini hisobga olsak, ko‘chada yurgan bitta daydi it kelgusi yilda hech bo‘lmaganda to‘rttagacha ko‘payadi. Bu itlar zotidan qat’iy nazar, uch oylikdan boshlab vaksinatsiya qilinishi kerak.

Vazirlar Mahkamasining “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarda bittadan it va mushuklarni saqlashga ruxsat berilgan, u ham bo‘lsa yon-atrofda yashayotganlarning roziligi bilan. Samarqand shahrida 1200 dan ortiq ko‘p qavatli uylar bor. Ammo Samarqand shahar veterinariya va chorvachilik bo‘limi bergan ma’lumotlarga qaraganda shaharda 6270 bosh it va mushuk ro‘yxatga olingan. Mahalla va boshqa obe’ktlardagi itlar hisobga olinganda ham bu belgilangan raqamdagidan ikki martaga ko‘p, degani. Xo‘sh, shaharga buncha it qayerdan kelyapti?

Bitta itni saqlash uchun, uning hajmiga qarab, 6 dan 9 kvadrat metrgacha kushxona kerak bo‘ladi. Shu maqsadda o‘tgan yili daydi itlarni tutish va ularning boshpanasi uchun Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi qoshida Xishrav qo‘rg‘onida nazoratsiz hayvonlarni vaqtincha saqlash joyi tashkil etildi.

- Hayvonlarni tutish uchun uchta brigada faoliyat ko‘rsatmoqda, - deydi Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi nazoratsiz hayvonlarni tutish bo‘lim boshlig‘i Adham Hamrayev. - Har bitta brigadaga uch nafardan it ovlovchi Siyob, Bog‘ishamol hamda Temiryo‘l hududlariga biriktirilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida bo‘lim xodimlari tomonidan 1800 dan ortiq daydi it ushlanib, saqlash joyiga keltirildi. Ammo xizmat vazifamiz yuzasidan aholi va mutasaddilardan juda ko‘p e’tirozlar bo‘lyapti. Chunki shahar hududida daydi itlar ko‘paymoqda. Buning asosiy sabablaridan biri tumanlarda ko‘cha itlari saqlanadigan joy yo‘q. Shu bois shaharga yaqin boshqa hududlardan ham daydi itlar kirib kelyapti.

Bitta daydi itni tutish uchun kamida yarim kun, ayrim vaqtlarda uch-to‘rt soatlab vaqt ketadi. Bo‘limda 1 ta “neksiya” rusumli mashina va 9 nafar xodim bor. Shaharni bir chetidan kelib tushgan muammoni hal qilish uchun borganingizda yana boshqa bir chaqiruv kelib qoladi va murojaatlarga ulgurmay qolamiz. Ish jarayonida bu kabi muammolar bo‘lmasligi uchun qo‘shimcha brigadalar tashkil qilish, xodimlar va avtomashinalar sonini ko‘paytirish hamda kerakli asbob-uskunalar bilan ta’minlash zarur.

Hayvonlarni 2 yoki 3 nafar xodim bilan tutib, zararsizlantirishga ulgurish tabiiyki muammoli masala. Buning ustiga bu xodimlar turli tadbirlarga ham jalb etiladi. Bordi-yu qutirgan it yoki mushuk biron kishini jarohatlasa, bundan-da yomoni yo‘q. Yaqinda Samarqandda yosh bolani itlar hujumidan taksi haydovchisi qutqarib qolmaganida, qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Shu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun mutaxassis kuyinib aytgan muammolarni mas’ullar vaqtida bartarf qilishi kerak.

 

Xishravda saqlanayotgan daydi itlarga kim qarayapti?

O‘tgan yilning oktyabr oyidan boshlab Xishravdagi nazoratsiz hayvonlarni saqlash bo‘limida “Terra” hayvonlarni himoya qilish jamiyati ko‘ngillilari itlarni tuzoqqa tushirish, ularni davolash va oziqlantirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Mazkur hududning bir qismi maishiy chiqindilar, bir qismi esa 800 bosh itni saqlashga mo‘ljallangan. Ammo bu yerda 1800 dan ziyod it saqlanmoqda. Bo‘lim sanitariya talablariga javob bermaydi, davolanayotgan itlar ham, yaqinda keltirilganlari ham bir joyda saqlanyati, jihozlangan tibbiy markaz, maxsus karantin zonasi mavjud emas.

“Terra” hayvonlarni himoya qilish jamiyati ko‘ngillisi Feliks Redkinning so‘zlariga ko‘ra, itlarni nazorat qilish va parvarishlash maqsadida obodonlashtirish boshqarmasi bilan shartnoma tuzilgan, shuningdek, yirik homiylar bilan hamkorlik qilinmoqda. Bu yerga daydi itlar doimiy ravishda tashilmoqda va hozir joylar yetishmayapti. Hududda qavatlar sonini ko‘paytirish, veterinar ko‘rigi, dezinfeksiya uchun mos joy va oziq-ovqat bilan ta’minlash kerak.

Daydi itlar hozirda viloyatning barcha hududlarida ko‘paygan. Ulardan aziyat chekkan aholi bu itlarni nazorat qilish uchun biriktirilgan shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalariga tinmay murojaat qilmoqda. Ularni esa yuqorida aytilgan muammolar qiynayapti. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, odamlarga quturish kasalligi 90-95 foiz holatda itlardan yuqar ekan. Ya’ni, shu kasallikka chalingan hayvonlarning tishlashi, tirnashi bilan o‘tadi va jarayon og‘ir kechib, o‘lim bilan tugaydi. Bunday holat yuzaga kelmasligi uchun esa sohaga e’tibor kerak bo‘ladi. O‘ylaymizki, yuqorida tilga olingan muammolar mutasaddilarni befarq qoldirmaydi.

***

Darvoqe, yirtqich va zaharli yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda yoki tutqunlikda saqlash, ulardan tijorat maqsadlarida foydalanish, ularni jamoat joylarida sayr qildirish natijasida turli noxush hodisalar uchrayotganligi tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirishni talab etmoqda. Shu bois, Oliy Majlis Senatining 43-yalpi majlisida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Senatorlar tomonidan ma’qullangan ushbu qonun bilan yovvoyi hayvonlarni saqlashni tartibga solish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro‘yxatini, shuningdek mazkur ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibini belgilash Vazirlar Mahkamasining zimmasiga yuklatilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi yovvoyi hayvonlarni saqlash hamda ulardan turli maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq hollarda aholining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga, shuningdek, vakolatli davlat organining ushbu yo‘nalishdagi javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.