Dehqonobod qishloqmi, shaharchami?

- «Keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan o‘zgarishlar tufayli chekka hududlardagi qishloq va ovullar obod bo‘lmoqda. Bu qishloqlarda aholi uchun ijtimoiy soha ob’yektlari qurilyapti. Gaz, elektr, toza ichimlik suviga bo‘lgan talab qondirilyapti. Yigirma-o‘ttiz yildan beri ta’mir ko‘rmagan yo‘llar, ko‘chalar asfalt qilinyapti. Ammo bu bizning «shaharcha»mizda umuman aks etmayapti. Bundan yetti yil oldin qishlog‘imizning shaharcha maqomini olgani odamlarning ham yodidan ko‘tarilib ketgan. Faqat buni soliqchilar aslo esdan chiqarishmaydi: yer solig‘ini shaharcha tipidagi miqdor bo‘yicha to‘lab kelyapmiz. Qishlog‘imizga kelib, sharoitlarni o‘rganib, bu yerda yoki shaharcha talabiga mos infratuzilma yaratilishiga yoki yer solig‘i to‘lovini qishloq tipidagi miqdorga o‘tkazilishiga ko‘mak beradigan tashkilot bormi?»
Bu Payariq tumanidagi Dehqonobod mahallasi Dehqonobod qishlog‘ida yashovchi bir guruh fuqarolarning tahririyatimizga yo‘llagan shikoyat xatidan ko‘chirma. Xo‘sh, rostdan ham Dehqonobodda shunday holat hukmronmi yoki bu qishloq shaharcha sifatida obod maskanga aylantirilganmi? Bu yerda yaratilgan infratuzilma shaharcha talablariga nechog‘li javob beradi? Aholi qanday sharoitda turmush kechirmoqda? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida Dehqonobodga bordik.
Shaharcha haqida qonun nima deydi?
Keling, dastlab ushbu qishloqning qanday qilib shaharcha tipiga aylantirilgani haqidagi hujjatlarni ko‘zdan kechiraylik.
Ma’lum bo‘lishicha, 1996 yil 30 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasida “Shaharchalar turkumiga - sanoat korxonalari, qurilishlar, temir yo‘l stansiyalari va boshqa muhim ob’yektlar yaqinida joylashgan hamda qoida tariqasida kamida ikki ming aholisi bo‘lgan aholi punktlari kiritilishi mumkin”, deyilgan.
Ushbu qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 14 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarining ma’muriy-hududiy tuzilishini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» hamda Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 13 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarining ma’muriy-hududiy tuzilishini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilinib, respublikamiz bo‘yicha mingdan ortiq qishloq shaharcha turkumiga kiritilgan. Bu tegishli tuman hokimlarining iltimosnomasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Xuddi shu tartibda 2013 yilda Payariq tumanidagi Dehqonobod, Xo‘ja Ismoil, Do‘stlarobod, Xalqobod, Tomoyrot, Qorasuv, Guliston, To‘palos, Oqqo‘rg‘on qishloqlari shahar posyolkalari toifasiga kiritilgan.
Maqomi - shaharcha, sharoiti - qishloqcha
Tuman hokimligi vakillari bilan Dehqonobodga borganimizda bizni S.Ergashev, Q.Qudratov, M.Janaliyev, X.Boymonov kabi mahalla faollari qarshi oldi.
- Qishlog‘imizga shaharcha maqomi berilganiga yetti yil bo‘ldi, - deydi Saydulla Ergashev kuyinib. - Shaharcha bo‘lsa shaharcha-da, nima bo‘libdi, dersiz. Chunki shaharcha deganimizda ko‘z oldingizga odamlar uchun barcha shart-sharoit muhayyo, go‘zal bir go‘sha keladi. Shaharcha bo‘lgandan keyin, shunga yarasha infratuzilma, madaniyat bo‘ladi. Ammo qishlog‘imizda shaharcha maqomiga mos sharoit yo‘q. Qishloqni aylansangiz, bunga o‘zingiz ham guvoh bo‘lasiz.
Dehqonobod mahallasi raisi vazifasini bajaruvchi Jasur Kamolovning aytishicha, ushbu mahalla ikkita qishloqdan tashkil topgan. Bular - Dehqonobod va Eshonxo‘jayev qishlog‘i. Ularda 3 ming 115 nafar aholi istiqomat qiladi. Aholi zangori olovdan uzilganiga uch-to‘rt yil bo‘lgan, yillar davomida suv qo‘shni qishloqlardan tashib ichilgan, faqat 2019 yilda bitta artezian qudug‘i qazilgan va hozirda qishloqning yarmi ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qishloq yo‘llari abgor ahvolda: bitta asosiy yo‘lni toshli demasa, ichki yo‘llar notekis. Shuning uchun yozda chang, qishda loy bo‘ladiki, yosh-u qari bazo‘r yuradi. Qabriston qo‘shni Yangiariq qishlog‘ida joylashgan. U yerga borish uchun zovurdan o‘tiladi. Uning ustida qurilgan eski ko‘prik nurab turibdi.
Shaharcha maqomiga ega qishloqni aylanib, bu gaplarning haqiqat ekaniga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik.
J.Kamolov taqdim etgan mahalla pasportini ko‘zdan kechiramiz: Dehqonobodda qishloq vrachlik punkti yo‘q. QVP “shaharcha”da emas, taxminan besh-olti kilometr olisdagi qo‘shni Adilov qishlog‘ida joylashgan. Bitta maktab bor, hatto bog‘cha yo‘q. Sanoat korxonalari tugul ko‘zga ko‘rinarli tadbirkorlik ob’yektlari, savdo shoxobchalarini uchratmaysiz bu yerda. Shuning uchun 100 dan ziyod kishi ishlash uchun xorijga ketgan.
Bitta mahalla, ikki xil soliq to‘lovi
Ha, bir-biriga yaqin yashayotgan ikkita xonadon, masalan, biri Dehqonobod «shaharcha»si hududida, biri Eshonxo‘jayev qishlog‘ida istiqomat qiluvchi tomorqa yer egalari ikki xil yer solig‘i to‘lashga majbur. Chunki Soliq kodeksida shaharcha maqomidagi hudud aholisi yer solig‘ini qishloqliklardan ko‘ra salkam uch barobar ko‘proq to‘lashi yozib qo‘yilgan.
- Bir xonadonda uch oila yashaymiz, - deydi dehqonobodlik G‘ulom Alibekov. – Tomorqa yerimiz maydoni 48,5 sotix. 2019 yilda har sotix yer maydoni uchun 20 ming 40 so‘mdan soliq to‘ladik - jami 900 ming so‘mdan ziyod bo‘ldi. Yomoni, tomorqadan samarali foydalana olmaymiz. Chunki qishlog‘imiz Poy arig‘ining adog‘ida joylashgan, apreldan sentyabrgacha suv bo‘lmaydi hisob. Tag‘in yer solig‘ini shahar tipidagi miqdorda to‘lashimiz alam qiladi.
O‘rganishlarimizga ko‘ra, dehqonobodlik 30 sotix tomorqa yer maydoniga ega Hasan Muqimov ham har sotix yer uchun shunday miqdorda soliq to‘lagan. So‘ngra mahallaning ikkinchi qishlog‘i – eshonxo‘jayevliklarning yer solig‘i to‘lovlari bilan qiziqdik. Namoz Begimovda 30,2 sotix yer maydoni bor ekan. U kishi 1 sotix yer maydoni uchun 7 ming 912 so‘mdan jami 239 ming so‘mdan ziyodroq to‘lagan. Sobir Xo‘janovda ham shu kabi to‘lov hisoblangan: 27 sotix tomorqa yer maydoni bor va jami soliq summasi 213 ming 745 so‘m.
Dehqonobodliklarning e’tirozi o‘rinli. Aholi tomorqalarini kuzatib, ular bilan suhbatlashib, bahorning o‘rtasidan kuzgacha ariqda suv bo‘lmasligi, shuni bilib, suvsizlikka chidamli ekin va asosan mevali daraxt ko‘chatlari ekishini angladik. Odamlar andisha qilib aytmadi, lekin qo‘shni mahallalar va hatto Eshonxo‘jayev qishlog‘igacha ariqda suv kelarkan. Shunday bo‘lgach, yer solig‘ini to‘lashda odamlarning yelkasi tirishadi-da.
Mutaxassis javobi qanday?
- Dehqonobodliklar yer solig‘idan ko‘p undirilayotganidan ranjib, inspeksiyamizga bir necha bor murojaat qilishgan, - deydi tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Alixon Isayev. – Ammo bu qishloq Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra shaharcha tipiga aylantirilgan. Soliq qonunchiligida esa yer solig‘ini undirishda shahar, shaharcha va qishloq tipidagi yer maydonlari alohida-alohida hisob-kitob qilinishi belgilangan. Biz bu talabdan chetga chiqolmaymiz. Rosti, bunday holat tumanimizdagi birgina Dehqonobod qishlog‘i bilan bog‘liq emas. Shaharcha maqomi berilgan ayrim qishloqlarda ham bu muammo bor. Afsuski, bu tuman darajasida hal etiladigan masala emas. Shuning uchun bu holatga barham berilishini so‘rab, yuqori idoralarga murojaat qilganmiz. Biroq uning yechimida bir qarorga kelinmayapti.
“Yo sharoitlar yaxshilansin, yo soliq miqdori kamaysin!”
O‘qib, anglaganingizdek, bu muammoning kelib chiqishida ayrim sabablar bor. Birinchidan, qonunchilikka ko‘ra shaharcha maqomi tuman, shahar markazidan 12 kilometrgacha olisda joylashgan bo‘lishi kerak. Ammo Dehqonobod tuman markazidan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shuningdek, bu qishloqqacha bo‘lgan oraliqda Beshqo‘rg‘on, Guliston, Istiqlol mahallalari bo‘lib, ular tarkibida o‘nga yaqin qishloq bor. Shu ma’noda Dehqonobod qishlog‘ining shaharcha tarkibiga kiritilgani savol ostida turibdi. Ikkinchidan, olis qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, aholi turmushi uchun zarur infratuzilmani yaratish, odamlar farovonligini ta’minlash maqsadida qishloqqa shaharcha maqomi berilgan ham deylik. Lekin Dehqonobod “O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasida ko‘zda tutilganidek sanoat korxonalari, qurilishlar, temir yo‘l stansiyalari va boshqa muhim ob’yektlar yaqinida joylashmagan-da. O‘tgan yetti yil davomida ham na bu yerga sanoat korxonasi joylashtirilgan, na qurilish bo‘lgan, na infratuzilma yaratilgan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu masalada qabul qilingan qaror ijrosini soliqchilargina bajargan, xolos...
Xullas, bugun dehqonobodliklar qishlog‘ining obod, ko‘rkam ko‘rinishga kelishini, shaharchaga mos sharoitlar yaratilishini yoki yer solig‘i qishloq tipi asosida bo‘lishini istamoqda. Mas’ul idoralar ularning shu istagidan birini ado etish haqida bosh qotirsa yaxshi bo‘lardi.
Akram HAYDAROV,
«Zarafshon»ning maxsus muxbiri.