Dehqonobodda 33 yil deganda 3 egizak dunyoga keldi

Dehqonobod tumanida uch nafar egizak qizaloq dunyoga keldi. Chaqaloqlar bugun, 5 noyabr kuni tug‘ilgan.

Egizaklarning onasi Lola Boymurodovaning aytishicha, oila besh nafar qiz va bir nafar o‘g‘il farzandidan so‘ng yana o‘g‘il tug‘ilishini kutgan.

“Olti nafar farzandimiz bor. Ularning besh nafari qiz va bir nafari o‘g‘il bo‘lgani uchun yana o‘g‘il farzand dunyoga keltiraman, deb niyat qilgandim. Shukurki, Yaratgan egizak farzandlar bilan siyladi”, deydi egizaklarning onasi Lola Boymurodova.

Ma’lum qilinishicha, endilikda Lola Boymurodova hamda Abduvohid Aliboyevlar xonadonida farzandlar soni to‘qqiz nafarga yetgan.

“Dehqonobod tumanida egizak farzandlarning tug‘ilishi bundan 33 yil ilgari — 1987 yil qayd etilgan ekan. Demak, tumanimiz uchun tarixiy voqea bo‘ldi”, deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Farmon Jalilov.

Egizak qizaloqlar va ularning onasiga tuman hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi, deya xabar berdi tuman hokimligi matbuot xizmati.

“Tuman hokimi hamda shifokorlarga rahmat. E’tibordan chetda qoldirmay, quvonchimga quvonch qo‘shishdi. Hokim o‘rinbosari tumanimiz hokimining maxsus sovg‘a-salomini keltirib, farzandlarim tug‘ilgan kunida quvonchimga sherik bo‘ldi. Nasib etsa, shunday shukrona kunlarga atab qizlarimning birini Shukrona deb atamoqchiman”, deydi egizaklarning onasi.

Qayd etilishicha, 1,8, 1,6 va 1 kilogramm vaznda tug‘ilgan chaqaloqlarga Fotima, Zuhra va Shukrona ismlari berilishi niyat qilingan.