Deputat aholining yaqin maslahatchisi, ko‘makchisi ham bo‘lishi zarur

Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish yettinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash raisi E.Turdimov boshqardi.
Dastlab deputatlar viloyatning shahar va tumanlarida 2023 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturiga kiritiladigan qishloq hamda mahallalar manzilli ro‘yxatlarini hamda qurilish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari olib boriladigan ob’yektlarning maqsadli parametlarini tasdiqladi.
Unga ko‘ra, kelgusi yilda viloyatimizda 32 ta mahalla va qishloq obod qilinadi. 40 ta umumta’lim maktabi, 28 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 8 ta irrigatsiya tarmoqlari, 6 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgich, 5 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi kabi ijtimoiy soha ob’yektlarida qurilish, rekonstruksiya hamda mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i B.Shaymatovning viloyatdagi moddiy-madaniy meros ob’yektlari va madaniy boyliklarni aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, asrash va ulardan oqilona foydalanish, muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining but saqlanishi holati yuzasidan hisoboti eshitildi.
Deputatlar xalqimizning umummilliy boyligi hisoblanadigan moddiy-madaniy meros ob’yektlari va madaniy boyliklarni aniqlash, muhofaza qilish borasidagi ishlarni e’tirof etish barobarida ayrim e’tirozlarini ham bildirdi.
- Samarqand shahrida bunyod etilayotgan aksariyat mehmonxonalar qurilishida sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari ustunlik qilyapti, - dedi deputat Rustam Xolmurodov. – Ya’ni, mehmonxona qurayotgan tadbirkor asosan Yevropa me’morchiligi uslublaridan foydalanmoqda. Bu jarayonda dunyo arxitekturasi tarixida munosib o‘ringa ega bo‘lgan milliy uslublarimiz, azaliy qadriyatlarimizga e’tibor juda sust. Madaniy merosimizni asrash ishlariga mutasaddi tashkilotlar, xususan, madaniy meros boshqarmasi bu kabi qurilishlarni tartibga solishi kerak.
- Muzeylarimizga ham aksariyat hollarda xorijlik sayyohlargina tashrif buyuradi, xolos. O‘zimizning fuqarolar nega bunday muassasalarga kirmaydi? Sababi, muzeydagi tarixiy eksponatlar fuqarolarimiz o‘rtasida muntazam targ‘ib qilinmaydi, - dedi viloyat hokimi E.Turdimov.
“Samarqand suv ta’minoti” MChJ rahbari K.Yusupov viloyatda aholini ichimlik va oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish bilan ta’minlash darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berar ekan, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi muammolarni hududlarda yangidan qurilayotgan ichimlik suvi tizimlari salmog‘i kundan-kunga ortib borayotgani bilan bog‘ladi.
Deputatlar toza ichimlik suvini tejash, elektron hisoblagich uskunalarining afzalliklari xususidagi targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish yuzasidan o‘z tavsiyalarini bildirdi.
Viloyatda “Ayollar daftari”dagi ayollar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash borasidagi ishlar to‘g‘risida viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i N.Sulaymonov hisobot berdi. Ta’kidlanishicha, uyma-uy yurish orqali viloyatimizda 696 ming 713 nafar xotin-qiz xatlovdan o‘tkazilgan va uchinchi bosqich “Ayollar daftari”ga 65 ming 920 nafar xotin-qiz kiritilgan. Joriy yilning 6 oyi davomida bandlik organlariga 47307 nafar xotin-qiz murojaat qilib, 9652 nafari mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga, 4316 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan, 920 nafariga 1099,4 million so‘mlik subsidiya ajratilgan, 692 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.
- Yaqinda faoliyatini boshlagan bir tadbirkor murojaat bilan keldi, - dedi viloyat hokimi. – Ta’kidlashicha, ro‘yxatdan o‘tmagani uchun sud unga “otning kallasidek” jarima qo‘llash yuzasidan qaror chiqargan. Vaholanki, tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tishi lozimligi xususida unga hech kim tushuncha yoki huquqiy maslahat bermagan. Bu e’tiborsizlik tegishli idora mas’ullari bilan suhbat jarayonida ham ma’lum bo‘ldi. Fuqaro bo‘ladimi yoki tadbirkor, avvalo, majburiyatlaridan ogoh etilishi zarur.
Ushbu holatlar aholi bandligini ta’minlash borasida subsidiyalar ajratish, "daftar"larda turuvchi oilalarni kambag‘allaikdan chiqarish jarayonlarida ham o‘z aksini topyapti. Masalan, xonadonlarga tovuq berilyapti, ammo ushbu oilaning ularni boqish imkoniyati bormi-yo‘qmi, hisobga olinmayapti. Qolaversa, mahallalar, qishloqlarda parranda tuxumi va go‘shtini yig‘ib, sotib oladigan tizim ham joriy etilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
“Ayollar daftari”dagi ayollar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash borasidagi ishlardan deputatlarimiz ham chetda turmasligi kerak. Keling, bu boradagi samaradorlikni yanada oshirish maqsadida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlarini bittadan mahallaga biriktiraylik. Ular aholi bandligini ta’minlash jarayonlarida bevosita ishtirok etib, o‘z maslahatlarini bersin, tajribalarini o‘rgatsin. Tuman va shahar Kengashlari deputatlari ham bu ishlarga ko‘maklashsa yaxshi bo‘ladi.
Shuningdek, sessiyada Prezidentimizning 2022 yil 18 maydagi “Sement-beton qoplamali avtomobil yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, viloyatimizda joriy yil klaster usulida sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish ishlarini amalga oshiruvchi bosh pudratchi tashkilotlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Mirzabekovning viloyatda investitsiyalar jalb qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.