Deputat faol bo‘lishga majbur
Amaldagi tartibga ko‘ra, hademay parlament va mahalliy vakillik organlariga saylovchilar tashkil qilinadi. Bu galgi siyosiy imtihonda saylovchilar avvalgilaridan farqli o‘laroq, nafaqat aniq shaxslar, shu bilan birga siyosiy partiyalarga ham ovoz beradi. Tabiiyki, tanlov uchun partiyalar to‘g‘risida aniq tasavvur kerak.
Bunda aholi, aniqrog‘i saylovchilarga ko‘mak o‘laroq, anketa tashkil qilingan edi. Quyida anketa savollariga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Ilhom Botirovning javoblari bilan tanishishingiz mumkin.
- Viloyatimizda 500 nafarga yaqin deputat faoliyat olib boradi. Lekin aholining aksariyati deputatlarini tanimaydi. Bunga sabab nima, deb o‘ylaysiz?
- Avvalo, «Zarafshon» gazetasi tahririyatiga partiyalar va deputatlar faoliyati bilan bog‘liq shunday muloqotlarni uyushtirgani uchun minnatdorlik bildirib qo‘ymoqchiman. Xalq deputatlari – xalqning hokimiyatdagi, shu bilan birga partiyalarning vakillik organidagi qonuniy vakolatga ega bo‘lgan vakillaridir. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlarimizda viloyat bo‘yicha 540 ta deputatlik o‘rni bo‘lsa, shundan 156 tasini Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi vakillari egallagan. Shulardan 18 nafari viloyat Kengashi, 138 nafari tuman va shahar Kengashlari deputatlaridir.
Endi savolingizga kelsak, «Aholining aksariyati deputatlarini tanimaydi» dedingiz. Deputatlarning barchasi haqida bunday fikr bildirish unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaydi, nazarimda. Faoliyati boshqalarga nisbatan sustroq deputatlar bo‘lishi mumkin. Deputatlik faoliyatida tajribasi kamligi bois kamroq ko‘ringanlari bo‘lsa, ularga uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha alohida partiya guruhlari, partiya Kengashida alohida bo‘lim faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Aksincha, viloyat jamoatchiligi yaxshi taniydigan deputatlar ko‘p, deb o‘ylayman. Masalan, Rustam Xolmurodov, Farmon Toshev kabi yoki partiyamiz deputatlari Haydar O‘roqov, Baxtiyor Xo‘jayorov, Jamshid Haydarov, Mirzo Ixtiyorov, Shoxrux Jo‘raqulov, Elyor Hamrayev, Anvar Murotov, Zamira Isanova, Bahodir Rahmonov kabi deputatlarimizning ko‘pchiligining nomlarini keltirishimiz mumkin. Ro‘yxatni bunday davom ettirsak boshqa ko‘plab deputatlarimiz faolligiga yetarlicha baho bermagan bo‘lib qolishdan o‘zimizni tiygan holda qanchadan-qancha deputatlarimizni nafaqat viloyat, balki respublikamizda ko‘pchilik yaxshi taniydi, desam yangilishmayman.
Hali hech kim unutgani yo‘q, pandemiya davridagi deputatlar faolligini: ularning og‘ir pallada jonbozlik qilib, tibbiyot tizimida aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishdagi ishtiroki, kundalik ehtiyojlarga muhtojlik sezgan xonadonlarga o‘sha paytda ko‘rsatgan xayr-saxovatini faqat olqishlash kerak.
Tanigani uchun, ularga saylovda ovoz berilgani uchun ham deputat bo‘lishgan. Umuman, hech kim tanimaydigan shaxs deputat bo‘lib qolishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Har bir deputat shuncha vaqt davomida deputat degan mandat bilan xalq deputatlari kengashlari faoliyatida ishtirok etdi, o‘z okrugida ko‘pdir yoki kamdir bo‘ldi. 156 nafar deputatimizning barchasi haqida ham shunday salbiy fikr bildirish, mening nazarimda, noo‘rin. Qolaversa, deputatlar faoliyati partiya kengashimizda doimiy monitoring qilib boriladi. Boshqalarga nisbatan faoliyati sustroq deputatlar bo‘lsa, har tomonlama o‘rganiladi va tegishli xulosa qilinishi bo‘yicha partiyaviy mexanizmlar mavjud.
- Bundan tashqari, vakillik organiga uning nomzodini qaysidir partiya ko‘rsatgan bo‘lishiga qaramay ayrim deputatlar, hatto, o‘sha siyosiy tuzilma bilan ham yaqin hamkorlik qilmaydi.
- Partiyamizdan saylangan deputatlar partiyaviy loyihalar, deputatlik va jamoatchilik faoliyati orqali saylovchilar bilan bog‘lanib kelmoqda. Deputatlar uchun alohida «Muloqot forumlari» nomli loyiha joriy etganmiz. Bu kabi tadbirlarda deputatlar guruhi a’zolari birgalashib, tumandagi ijro hokimiyati vakillari ishtirokida saylovchilar murojaatlarini tinglash amaliyotlari ishlayapti. Bunga o‘nlab misollar keltirishim mumkin.
Kengashlarda partiya deputatlik guruhlari shakllantirilgan bo‘lib, partiya bilan kelishilgan holda har yil boshida ish rejalari ishlab chiqiladi hamda partiya tomonidan nazorat qilinadi. Xalq deputatlari kengashiga hisobdor yoki uning nazorati ostidagi organ yoxud mansabdor shaxslarning hisoboti yoki axborotini deputatlik guruhida eshituvlari muntazam o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalari, mahalliy va markaziy tele va radiokanallar hamda ijtimoiy tarmoqlarda muntazam yoritib kelinmoqda.
Misol uchun, joriy yilning 1-choragida 34 marta mansabdor shaxslarning hisobotlari eshitildi. Bundan tashqari, “Jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanadigan yoshlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” hamda «Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 fevraldagi 95-sonli “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi to‘g‘risida”gi masalalar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tanqidiy ko‘rib chiqilib, viloyat Kengashi sessiyasiga kiritildi.
- Shunday bo‘lishiga qaramasdan bugungi kungacha biror deputat chaqirib olingan emas. Nima deb o‘ylaysiz, vakillik organlariga mustaqillik berilayotgan bir paytda bu institutni ishlatish ayni muddao bo‘lmaydimi?
– Tajribada deputatni chaqirib olish amaliyoti kuzatilmagan bo‘lishi mumkin. Biroq yuqorida ta’kidlaganimdek, faoliyatida sustkashlik kuzatildi, deb topilgan deputatlar bilan alohida ish olib borish amaliyoti mavjud. Deputatlik vakolatidan foydalanish, deputatlik guruhlari faoliyatidagi ishtirokini yaxshilash, doimiy komissiyalar va sessiyalarda faollik ko‘rsatish, eng asosiysi, o‘z okrugidagi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha zarur ko‘rsatma va uslubiy yordam ko‘rsatib borish orqali deputat faoligini oshirish mumkin.
- Umuman, joriy yilgi saylovlar o‘tgan safargilardan tubdan farq qilishi tabiiy. Mojaritar saylov, hokimlar endi mahalliy Kengashlarga rais bo‘lmasligi kabi ko‘plab omillar bunga sabab bo‘lishi shubhasiz. Bunday sharoitda partiyaning siz rahbarlik qilayotgan viloyat kengashi siyosiy imtihonlarga qay darajada tayyorgarlik ko‘rmoqda?
- To‘g‘ri ta’kidladingiz. Bu yilgi saylovlar yangi me’yorlar asosida bo‘lib o‘tadi va albatta, har bir siyosiy partiyaga katta mas’uliyat yuklaydi. O‘zLiDeP tomonidan aynan saylov yo‘nalishida malaka oshirish va tajriba almashish uchun Davlat boshqaruv akademiyasi va partiyaning siyosiy kengashi tomonidan ham xodimlarning siyosiy bilimlari muntazam oshirib borilmoqda. Bu albatta, joriy yilda bo‘ladigan saylovlarda o‘zining ijobiy natijasini beradi, deb o‘ylayman.
Saylov kompaniyasiga tayyorgarlik har bir siyosiy partiyaning o‘z ichki siyosati. Shunday ekan, o‘z faoliyati davomida bu yil beshinchi marotaba parlament va mahalliy kengashlar deputatligiga saylovda qatnashadigan partiyamizning barcha tuzilmalari bo‘lajak siyosiy imtihonga tayyorgarlikni qizg‘in davom ettirmoqda.
- Saylov haqida gap ketarkan, tabiiyki, jarayonlar oldidan partiyalar beixtiyor faollashadi. Aytingchi, ana shu jo‘shqinlikni saqlab qolish mumkinmi?
- Partiyalar saylov paytida faollashadi, degan gap bir yoqlama deb hisoblayman. Sababi, saylov oddiy va sodda qilib aytadigan bo‘lsam hamma, ya’ni omma qatnashadigan, qisqa va qizg‘in kechadigan jarayonligini unutmaslik kerak. Ko‘pchilikning nazarida saylov paytidagi faollik ko‘rinadi, xolos. Aslida partiya ana shu qisqa va qizg‘in kechadigan jarayonga bir necha yil tayyorlanadi. Oylik, haftalik maqsadli rejalar ishlaydi. Hammaga yetib borish uchun turli loyihalar, targ‘ibot tadbirlari amalda bo‘ladi. Sir bo‘lsa ham ayta qolay, partiyamiz tomonidan 80 dan ortiq loyiha har yili, turli qatlam va toifa vakillari uchun o‘tkazib kelinadi. Bu loyihalarda ishtirok etgan minglab yurtdoshlarimiz partiya dasturi va g‘oyasi atrofida birlashib bormoqda. Partiya faoliyatining ichida bo‘lgan kishi buni yaxshi biladi va doimiy jo‘shqin faoliyatga guvoh bo‘ladi.
Jo‘shqinlik partiya faoliyatidagi muhim jihat. Uni doimo saqlab turish albatta mumkin va muhim. Nega mumkin emas? Yillar davomida partiyaning viloyatdagi faoliyatida amaliyotda qo‘llab va imkon qadar faollikni tushirmay kelyapmiz, deb o‘ylayman. Aynan partiyamizning dasturiy g‘oya va maqsadlari davlatimiz rahbarining saylovoldi dasturlari bilan hamohang bo‘lib, bugungi kunda O‘zLiDeP mazkur dasturlar ijrosiga qattiq kirishgan.
- Yaqinda o‘tkazilgan tadbirda partiya yetakchilaridan biri «biz saylov vaqti raqobatlashganimiz bilan maqsadimiz bir, ya’ni hammamiz viloyatni rivojlantirish, aholi turmushi farovon bo‘lishini istaymiz», dedi. Bu partiya takchilari ham o‘zaro raqobatga tayyor emasligini ko‘rsatmaydimi?
Birgina saylovoldi dasturlar va elektorat o‘rtasidagi farq ular masalalar yechimiga turlicha yondashishini taqozo qiladi-ku. Shuning o‘ziyoq raqobat saylovdan keyin ham davom etishini ko‘rsatmayaptimi? Sizning fikringiz?
- Bu fikr kimga tegishliligini bilmadimu, biroq mamlakat taraqqiyoti va farovonligi, aholi uchun qulay sharoit yaratish kabi eng ezgu maqsadlar har bir partiya dasturi va g‘oyasida mavjud. Faqat unga erishish yo‘llari har bir partiyada turlicha. Bu tabiiy. Partiya dasturlarini kuzatib borayotgan zukko va mushohadali har bir inson buni anglaydi. Raqobatga kelsak, bu nafaqat g‘oya va dasturlardagi farqda, balki kundalik faoliyatda, munozara maydonlarida, qarashlar turlichaligida ham yaqqol ko‘rinadi. O‘zi aslida nafaqat partiya, balki bugun raqobatga tayyor bo‘lmagan inson boshqalardan ajralib qolishi, raqobatga tayyor bo‘lmagan jamiyat boshqa jamiyatlardan ajralib qolishi, raqobatga tayyor bo‘lmagan tashkilot ham boshqa tashkilotlar soyasida qolib ketishini bugungi global zamonamizning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
- Partiyaning siz rahbarlik qilayotgan viloyat kengashi, uning deputatlari faoliyatini 10 ballik tizimda nechaga baholaysiz?
- Qiziq savol bo‘ldi! O‘zimizga o‘zimiz baho berish o‘rniga boshqalar beradigan baho muhim emasmi? Qanday bahoga munosiblikni niyat va maqsad qilib, shunday baho darajasida ishlayotgan bo‘sakkina boshqalardan shu bahoni kutsak to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- Jamiyat hayotida o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun partiya viloyat kengashining rejalari qanday?
- Yuqoridagi savollar doirasida maqsad va rejalarimiz qisman bo‘lsa-da bayon qilindi, deb o‘ylayman. Savolga javobni umumlashtirib qisqa va lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, Prezidentimizning «Odamlarni rozi qilish» yo‘lidagi ezgu g‘oya va harakatlari, qabul qilinayotgan qonunlar, qaror va farmonlar hamda shu yo‘ldagi barcha ezgu ishlar faoliyatimizning bosh dasturilamali bo‘lib kelmoqda va shunday bo‘lib qoladi.
Yurtimiz taraqqiyoti, yurtdoshlarimizning baxtli va farovon yashashi uchun zarur sharoitlarni yaratish, «Inson qadri uchun» tamoyilini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyat barcha soha va yo‘nalishlarini rivojlantirish, yurtimizdagi har bir vatandoshimiz bilan bitta maqsad atrofida birlashib, kelajakka intilishimiz rejalarimizning asosini tashkil etadi. Shunday ulug‘vor rejalarimiz ijrosi uchun, jamiyatimiz farovonligi uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etishga tayyormiz.
Yo.Marqayev suhbatlashdi.