Deputat so‘rovi. Uning ortida aholi muammosi, unga yechim bo‘lishi zarurligi turibdi

Xalq deputatlari shahar Kengashiga deputat etib saylangan kunimdan boshlab, zimmamdagi mas’uliyatga munosib ish olib borishga qat’iy bel bog‘ladim.

Deputatligimning ilk kunlaridan 17-So‘lim saylov okrugi hududidagi muammolarni o‘rgandim.

Jumladan, Navro‘z mahallasi hududida xonadonlar sonining ortishi natijasida mavjud elektr transformator quvvati yetmay qolgan, uni yuqori quvvatlisi bilan almashtirish zarur. Shuningdek, 2 ta yangi transformatorga ehtiyoj bor. Hududga olib kelingan 1 ta yangi transformator noma’lum sabablarga ko‘ra markaziy tarmoqqa ulanmayapti.

Shahar elektr tarmoqlari korxonasi rahbariga shu xususda, shuningdek, Chilquduq mahallasidagi 6 ta, Yoshlik mahallasidagi 2 ta transformatorni almashtirish zarurligi, 2 dona yangi transformator o‘rnatish kerakligi hamda ushbu ikki mahalladagi 270 ta, Yangiqo‘rg‘on mahallasining Gumbaz ko‘chasidagi 10 ta simyog‘ochni almashtirish bo‘yicha deputatlik so‘rovi yubordim.

Tashkilot rahbari imzolagan javob xatida mutasaddilar tomonidan masala o‘rganilganligi hamda belgilangan muddatlarda ijobiy hal etilishi ma’lum qilingan.

Deputatning vazifasi joylardagi muammolarni o‘rganish, aholini qiynab kelayotgan masalalarni mas’ullarga yetkazish orqali ularga ijobiy yechim topishdan iborat. Ammo ayrim tashkilotlarning mas’ullari so‘rovlarni jiddiy qabul qilmayotganligi, siyosiy mas’uliyat yo‘qligi kishini taajjubga soladi.

Misol uchun, viloyat transport boshqarmasi boshlig‘iga «So‘lim shaharchasi — Ulug‘bek shohbekati» yo‘nalishidagi 80, «So‘lim shaharchasi — Temiryo‘l vokzali» yo‘nalishidagi 5-raqamli avtobus yo‘nalishlarini qayta tiklash, mavjud 31-avtobus yo‘nalishini 2 kilometrga uzaytirib, “So‘lim 2“ mahalla hududini qamrab olib, aholiga qulaylik yaratish xususida deputatlik so‘rovi jo‘natdim. Shuningdek, so‘rovda 17-avtobus yo‘nalishini «Avtomobil ehtiyot qismlari» bozorigacha uzaytirish masalasi ham qayd etilgan edi.

Viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i R.Tojiyevdan kelgan javob xatida bosh rejaga muvofiq Samarqand shahri, So‘lim shaharchasi orqali 17-raqamli «So‘lim shaharchasi — Ehtiyot qismlari bozori — Samarqand tola» yo‘nalishini tashkil etilishi aytilgan. Biroq tugatilgan 80, 5-avtobus yo‘nalishlari haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.

Savol tug‘iladi, bunday mutasaddilar davlat rahbarining “deputat so‘rovi xalq so‘rovi sifatida ko‘rilishi shart”, “deputatga bepisandlik – xalqqa bepisandlik” degan talabi borligini bilarmikan?

Shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yu.Bobonazarovga Navro‘z va Chilquduq mahallalaridagi yo‘llarni ta’mirlash, Sartepa mahallasidagi 300 metr yo‘lga asfalt yotqizish hamda Yangiqo‘rg‘on mahallasi hududidagi ichki ko‘chalarni ta’mirlash bilan bog‘liq so‘rov jo‘natdim.

Afsuski, ushbu so‘rovim javobsiz qolmoqda.

To‘g‘ri, amaldagi qonunchilikda bunday holatda qanday harakat qilish kerakligi ham aniq ko‘rsatilgan. Zotan, deputat so‘rovini ko‘rib chiqishda qonunbuzarlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Albatta, bu bilan kimgadir qonun kuchini ko‘rsatish fikridan yiroqmiz. Mahallalarda o‘tkazilgan uchrashuvlarimizda asosiy murojaatlar yo‘llarning ta’mirtalabliligi, kommunal sohadagi masalalar, ishsizlik muammolaridan iborat bo‘lmoqda. Demak, ushbu sohalarda yillar davomidagi e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik oqibatida ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgan. Ularni tezkorlik bilan hal etish undan mushkulroq muammolar yuzaga kelishining oldini oladi, albatta.

Muborak Hosilova,

xalq deputatlari shahar Kengashi deputati.