Deputatlar hech bir masalaga befarq emas

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining o‘ttiz uchinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Deputatlar sessiya kun va ish tartibini, kotibni tasdiqladilar.

Ishtixonda o‘zgarishlar ko‘p, muammolar ham kam emas

Sessiyada dastlab Ishtixon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturining ijrosi haqida tuman hokimi Sh.Negmatovning hisoboti eshitildi.

– Reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha tumanimizning “sariq” toifadagi hududlar sirasiga kiritilishiga sabab bo‘lgan omillar e’tiborga olinib, tahlil qilganimizda  aholi bandligi darajasi, sanoat ishlab chiqarishining eksportga yo‘naltirilganligi, qishloq xo‘jaligida suvni tejash texnologiyalarini joriy etish kabi 7 yo‘nalishda ko‘rsatkichlarimiz yaxshi ekanligi ma’lum bo‘ldi, – dedi Sh.Negmatov. – Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish darajasi, umumta’lim maktablarining yuklamasi, bolalar o‘limi, tadbirkorlik sub’yektlarining faolligi, yangi tadbirkorlik sub’yektlarining o‘sishi masalalarida esa ko‘rsatkichlarimiz o‘rta ekan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan mahalliy byudjet daromadlari, hududiy sanoat mahsulotlari, hududiy eksport hajmi, onalar o‘limi, aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganligi masalalarida esa ko‘rsatkichlarimiz yomon ekanligi ayon bo‘ldi. Ana shu holatlardan kelib chiqib, tuman reytingini yuqori darajaga ko‘tarish uchun yo‘l xaritalari belgilanib, aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Tuman hokimi 2020 yil va joriy yil birinchi choragi yakunlari bo‘yicha barcha sohalarda erishilgan natijalar haqida Kengashga hisobot taqdim etdi. Ayrim ko‘rsatkichlar haqida o‘z so‘zida aytib o‘tdi. Shuningdek, tumanda “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari, tegishli dasturlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Odatda, sessiyada hokim hisobot berganidan so‘ng masala qisqa muhokama etilib, qaror qabul qilinardi. Bu gal esa tartib biroz o‘zgacha bo‘ldi, aniqrog‘i, masala muhokamasi mukammalashtirilibdi.

Hokimning hisobotidan so‘ng ushbu masalani sessiyaga tayyorlash jarayonida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining xalq deputatlari viloyat Kengashidagi deputatlar guruhi tomonidan Ishtixon tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati o‘rganilishi yakunlari haqida mazkur partiya deputatlar guruhi rahbari B.Nasriyev axborot berdi.

B.Nasriyev guruh tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalari asosida har bir sektor bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xatolar va bajarilishi lozim bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratdi.

Jumladan, 1-sektordagi Beshariq mahallasida 200 dan ortiq maktabgacha yoshdagi bolalar bo‘lishiga qaramasdan hududda birorta ham bog‘cha tashkil etilmagani, 2-sektordagi ayrim mahallalarda uch daftardagi oilalar va fuqarolarni ro‘yxatdan chiqarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, 3-sektordagi  “Azamat” qishloq oilaviy shifokorlik punkti binosi ta’mirtalab holatda ekanligi, 4-sektordagi Mirzoqul mahallasining o‘z binosi ega emasligi kabi muammo va kamchiliklar qayd etilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida sektor rahbarlaridan so‘raldi.

Hisobot muhokamasi jarayonida deputatlar Ishtixon tumani hokimi va sektor rahbarlariga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar, tumanning reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Samarqandda aloqa sifati qachon yaxshi bo‘ladi?

Sessiya kun tartibidagi ikkinchi masala – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston–2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi bo‘yicha viloyatda olib borilayotgan ishlar yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i D.Xo‘jamberdiyev hisobot berdi.

D.Xo‘jamberdiyevning qayd etishicha, davlatimiz rahbari farmoni bilan tasdiqlangan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida raqamli infratuzilmani, elektron hukumatni, raqamli iqtisodiyotni, raqamli texnologiyalar milliy bozorini rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari sohasida ta’lim berish va malaka oshirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan.

Viloyatimizni raqamli transformatsiya qilish dasturiga asosan 2022 yil yakuniga qadar 47 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu borada Nurobod va Qo‘shrabot tumanlari bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Raqamli infratuzilma yo‘nalishi bo‘yicha joriy yil yakuniga qadar 154 ta sog‘liqni saqlash muassasasiga, 251 ta maktabgacha ta’lim ta’lim tashkilotiga, 764 ta maktabga optik tolali aloqa kabellarini yotqizish va barcha ta’lim, tibbiyot muassasalarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash rejalashtirilgan. 20 ta hududda Wi-Fi hududlari tashkil etiladi. 171 ta mobil aloqa baza stansiyalarini o‘rnatish va modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. 2022 yil yakuniga qadar esa 329,6 ming portli keng polosali kirish portlar o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, “Elektron kundalik”, “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Shaffof qurilish”, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Mahalla” singari yagona axborot va elektron tizimlarini joriy etish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Strategiya asosida amalga oshirilayotgan ishlar albatta, quvonarli, lekin Samarqandda mobil telefon aloqasi sifati va internet tezligi qachon yaxshilanadi, qachon bu boradagi muammolarga barham beriladi, deb so‘radi deputatlar hisobot beruvchidan.

D.Xo‘jamberdiyev 2023 yilda Samarqandda bu kabi muammolar bo‘lmaydi, deb va’da berdi.

 Naslli qoramollarni ko‘paytirish go‘sht va sut mahsulotlari arzonligini ta’minlaydi

Sessiyada deputatlar davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni (129-bandi) ijrosi yuzasidan viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i E.Toshmurodovning hisobotini eshitdilar.

Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, mazkur bandda berilgan topshiriq asosida ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, joriy yilda viloyatimizda qoramollar sonini 1 million 667 ming boshga, jumladan, sigirlar sonini 716 ming boshga, qo‘y-echkilarni 2 million 560 ming boshga,  parranda sonini 14 million 464 ming boshga yetkazish hamda aholining o‘sib borayotgan chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabini yanada to‘laroq qondirish ko‘zda tutilgan. Xususan, yil davomida 315 ming tonna go‘sht, 1 million 373 ming tonna sut, 1 milliard 381 million dona tuxum, 30 ming tonna baliq  ishlab chiqarish parametrlari belgilangan. Bu vazifalar amalga oshsa viloyatimizdan ehtiyojdan ortiq go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta’minlanadi.

Buning uchun avvalo chorva naslini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash talab etiladi. Deputatlar aynan ushbu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdilar. Qog‘ozlardagi raqamlarni hayotda aks ettirish uchun nasldor mollarni ko‘paytirish, yaylovlarni asrab-avaylash va ulardan samarali foydalanish, veterinariya xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidladilar.

Sessiyada viloyat saylov komissiyasi raisi S.Nuriyevning xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga bo‘shab qolgan 44-Charxin saylov okrugida 2021 yil 30 may kuni o‘tkazilgan saylov natijalari to‘g‘risidagi axboroti ma’qullandi. Komissiya qarori bilan Past Darg‘om tumani 9-maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Urdasheva Aziza Bekmamatovna xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati etib ro‘yxatga olingani ma’lum qilindi.

Sessiyada viloyat Kengashi vakolatiga doir boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.