Deputatlar hech bir masalaga befarq emas

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yetmishinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.

Dastlab viloyat hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Shukurov Prezidentimizning 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi haqida hisobot berdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilda viloyat bo‘yicha 185 ta ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilangan. Mazkur ob’yektlarni qurish uchun 14 ta buyurtmachi tashkilot belgilangan bo‘lib, ob’yektlar umumiy qiymati 1 147,7 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Bugungi kungacha 46 ta umumta’lim maktablaridan 37 tasida qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgan. Qolgan 9 tasida ishlar 5 sentyabrgacha yakunlanadi. 11 ta sog‘liqni saqlash ob’yektidan 5 tasi foydalanishga topshirilgan. 6 tasida qurilish ishlari yil oxirigacha bosqichma-bosqich yakunlanadi.

Hisobot muhokamasida deputatlar ayrim ob’yektlarni foydalanishga topshirish muddatlari kechikayotganini ta’kidladi. Jumladan, Qo‘shrabot tumani Kengashi deputatlari uch yildan buyon tumanda “Yoshlar markazi” binosi qurilishi faqat qog‘ozda qolib ketayotgani, bu inshootni foydalanishga topshirish bo‘yicha aniq muddat bor yo yo‘qligi haqida ma’lumot so‘radi.

- Haqiqatan ham Qo‘shrabot tumani markazida 2019 yilda "Yoshlar markazi" binosi qurilishi rejalashtirilgan, biroq haligacha bu inshoot qurilishi yakuniga yetmadi, - dedi A.Shukurov. - Buning bir necha sabablari bor. Inshoot qurilishini alohida nazoratimizga olamiz va viloyat mahalliy byudjeti mablag‘lari asosida oxiriga yetkazilmagan ishlarni yakunlaymiz.

Kun tartibidagi ikkinchi masala - Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 apreldagi “2022-2026 yillarda Samarqand viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari X.Ochilov hisobot berdi.

X.Ochilov ayni paytda viloyatdagi oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, yoshlar agentligi, sportni rivojlantirish, axborot texnologiya va innovatsiya yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, shu bilan birga og‘riqli nuqta sanalgan ayrim masalalar hamda kelgusida bajarilishi belgilangan loyihalar haqida to‘xtaldi.

- Bu yil Samarqandda xususiy oliygoh - Samarqand texnologiya universiteti tashkil etildi, - dedi X.Ochilov. - Ayni paytda universitet bir yil muddatga Samarqand transport texnikumi binosining 2 va 3-qavatlarida ijara asosida ish boshladi. Sentyabr oyidan to‘rtta yo‘nalishda o‘z faoliyatini boshlaydi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi "Oqsaroy" mahallasidagi bo‘sh turgan joyda davlat va xususiy sheriklik asosida "Yoshlar shaharchasi"ni qurish bo‘yicha ishlar boshlangan. 2026 yilga qadar “Yoshlar shaharchasi” barpo etish va unda kamida 4 ta xorijiy universitetlarning filial va kampuslarini joylashtirish rejalashtirilgan.

Sessiyada Urgut tumani sektor rahbarlarining hisoboti ham eshitildi. Xususan, tuman hokimi B.Jabborov xizmatlar sohasini rivojlantirish ishlarining ahvoli to‘g‘risida hisobot berar ekan, 2021 yil 14 dekabr kuni Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan topshiriqlar ijrosiga to‘xtaldi.

Hisobotda keltirilishicha, joriy yil boshidan tumanda 72 turdagi mustaqil faoliyatni amalga oshiruvchi, xizmatlar sohasida o‘zini-o‘zi band qilgan 4437 nafarga yaqin fuqaro rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan, umumiy ovqatlanish, savdo va boshqa xizmatlar sohasida norasmiy band bo‘lgan 8883 nafardan ortiq fuqaroning faoliyati legallashtirilgan.

Shuningdek, sessiyada viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyevning viloyatda 2022 yil I yarim yilligida norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati yuzasidan hamda joylarda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning ahvoli to‘g‘risidagi axboroti, viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i A.Nurullayevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2022 yil 16 fevral kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan “Chorvachilik va ipakchilik sohasida 2022 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar” mavzusidagi videoselektor yig‘ilishi bayonining viloyatdagi ijrosi yuzasidan hisoboti tinglandi.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar hamda viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.