Deputatlar hududlarda: Mahallalar rivoji va aholi manfaati e’tibor markazida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining hududlardagi navbatdagi o‘rganish ishlari davom etmoqda. Unda mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar, aholi turmush sharoiti, infratuzilma va bandlik masalalari atroflicha o‘rganilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdulla Aslanov Samarqand tumanidagi “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berilgan “Ohalik”, “O‘rtashiq” va “O‘zbekkenti” mahallalarida bo‘lib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlar davomida mahallalarda rejalashtirilgan obodonlashtirish hamda infratuzilmani rivojlantirish ishlarining borishi, shuningdek, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlari o‘rganildi. Aniqlangan masalalar yuzasidan ish samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Samarqand tumani hokimligining iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalariga mas’ul hokim o‘rinbosarlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda hududlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan zarur vazifalar hamda 34-Samarqand saylov okrugidan kelib tushgan murojaatlar muhokama qilindi. Jumladan, Mirzo Ulug‘bek mahallasi hududidagi 300 metr yo‘lga asfalt yotqizish masalasi ko‘rib chiqilib, uni joriy yilning mart oyida to‘liq amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

A.Aslanov Toyloq tumanida ham bo‘lib, tuman hokimi Behzod Raxmatullayev hamda xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari bilan uchrashdi. O‘ray–Elipok mahallasida chorvachilikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Uchrashuvlarda mahalla “yettiligi”ning aholi turmush sharoitini yaxshilashdagi o‘rni va ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Narpay tumanida esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jasur Shodiyev tuman hokimining o‘rinbosarlari bilan birgalikda mahalla “yettiligi” faoliyati bilan tanishdi. “Qodir ota” qabristoni hududini kengaytirish bo‘yicha aholidan kelib tushgan murojaat o‘rganildi.

Shuningdek, tadbirkor Muqaddas Ro‘ziyevaning tikuvchilik yo‘nalishidagi ishi ko‘zdan kechirildi. Qayd etilishicha, mazkur tadbirkorlik faoliyati orqali 18 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Deputat “Narpay qulupnay” issiqxonasi xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan tanishib, qishloq xo‘jaligi sohasidagi bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligiga e’tibor qaratdi.

Baxt mahallasida qurilayotgan “Elegant Fiber Oktosh” tikuvchilik fabrikasi qurilishi bilan tanishish chog‘ida ushbu loyiha mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Azim Haqqulov,

Po‘lat Irgashev.