Deputatlar saylov jarayonlaridan tashqari vaqtda nega faollik ko‘rsatmayapti?

Joriy yilning 22 dekabrida mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda saylov kampaniyasi boshlangan va ushbu muhim voqelik mahalliy hamda xorijiy OAVlar e’tiborida.

Ushbu jarayonlarda yoshlarning rolini yanada oshirish dolzarb masala, saylovchilarning asosiy qismini ham aynan ular tashkil qiladi.

Bugun, 4 oktyabr kuni Samarqand shahridagi Yoshlar markazida tashkil etilgan ochiq muloqot shu masalalarga bag‘ishlandi.

Viloyat hokimligi, yoshlar ittifoqi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashlari, xalq ta’limi va kasb-hunar ta’limi boshqarmalari tomonidan tashkil etilgan tadbir siyosiy partiyalarning dasturiy faoliyatini aks ettiruvchi ko‘rgazma, maxsus rolik namoyishi bilan boshlandi.

Muloqot jarayonida partiyalar tomonidan ilgari surilayotgan 5 yillik ustuvor tashabbuslar, saylovlar jarayonlari boshlanishi bilan siyosiy partiyalarning faollashishi, qolgan vaqtlarda esa deputatlarning sa’y-harakati sezilmayotgani muhokama qilindi, taklif va mulohazalar bildirildi.