Dezinfeksion tunnellar koronavirusga qarshi kurashishda samara beradimi?
15 iyundan respublika maxsus komissiyasi qarori bilan karantin qoidalari yumshatildi. “Sariq” va “yashil” toifadagi hududlarda aksariyat faoliyat turlariga ruxsat berildi. Bunda sanitariya va gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilish, faoliyat turlarini o‘rnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirishi javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.
Jumladan, bozorlar, tadbirkorlik sub’yektlari va boshqa tashkilotlar binoga kirish eshigi oldida dezinfeksion tunnellar o‘rnatish, antiseptik vositalar bilan ta’minlash, xodimlarning tana haroratini o‘lchash kabi vazifalar topshirildi.
Ammo shu kunlarda odamlar orasida, ijtimoiy tarmoqlarda bunday tunnellardan foydalanish tartibi, qo‘llanilayotgan tozalash, dezinfeksiya vositalarining tarkibi haqida munozaralar ko‘paydi:
“ Dezinfeksion tunnellar koronavirusdan yetarli darajada himoya qiladimi?”
“ Chekka hududlardagi savdo shoxobchalarida tunnel o‘rnatilmagan, bu tadbirkor tomonidan xaridorning salomatligiga nisbatan befarqlik emasmi?”
“Dezinfeksion eritma sifatida xlordan foylanilar ekan. Xlorga allergiyam bor, tashkilotlarga kirishga ruxsat bermayapti?”
Dezinfeksion eritmadan noto‘g‘ri foydalanish kutilgan natijani bermaydi
- Butun dunyo koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashmoqda, - deydi viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi bosh vrachi o‘rinbosari Zoir Mo‘minov. – Virusga qarshi kurashishda ijtimoiy masofa saqlash, dezinfeksiya vositalaridan foylanish, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish muhim ahamiyatga ega. Bunda dezinfeksion tunnellar yaxshi natija beradi. To‘g‘ri, dezinfeksion vosita sifatida gipoxlorid kalsiy eritmasidan foydalanilgan. Bunda 1 kilogramm kukun bir litr suvga solib eritiladi va yana 9 litr suv solinib bir kun davomida saqlanadi. Mazkur eritma haqiqatdan ham terini qizartirish, allergiya chaqirish va hatto ko‘ylaklar rangini o‘zgartirib, ularda teshiklar hosil qilishi mumkin. Ammo yangi “Progrin dez 8” nomli preparat o‘zining samaradorligi, qulayligi bilan foydalanuvchilarga ma’qul kelmoqda. Uning afzalliklari bir talay. Birinchidan, allergiya chaqirmaydi, hidi yo‘q. Yana bir gap. Dezinfeksion tunnellarning koronavirusga qarshi kurashishda samara berishi uchun avvalo, undan to‘g‘ri foydalanish kerak. Ayrim hollarda dezinfeksion vosita kam solinib, eritma tayyorlash holatlari ham kuzatiladi. Barcha yuzalarda infeksiyalarni yo‘qotishning o‘z miqdori bor. Jumladan, oziq-ovqatlar 1 foizli, ifloslangan joylarda 3 foizli eritma qo‘llaniladi. Dezinfeksion tunnellarning samara berishida tayyorlangan eritmani to‘g‘ri ishlatishi juda muhim.
Korxona xodimi nima deydi?
- Korxonamizga kuniga ko‘plab kishilar murojaat qilib kelishadi, xodimlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida dezinfeksion tunnel o‘rnatdik, - deydi O‘.Saydinov. – O‘rnatish ishlariga 6 million so‘m sarflandi. Dezinfeksiya vositasini 500 ming so‘mga sotib oldik. Uni 6 marta 80 litrlik suvda tayyorlasa bo‘ladi. Agar kun davomida to‘xtovsiz foydalanilsa, bitta dezinfeksion vosita bir kunda sarflanar ekan.
Ijtimoiy tarmoqlarda va surishtiruvlarimiz shuni ko‘rsatdiki, dezinfeksion tunnellarning narxida ham katta farq bor. O‘rtacha 1 million 700 ming so‘mdan 6 million so‘mgacha tadbirkorlar tomonidan mahsulotlar taklif etilayapti. Narxlar ularning shakli, o‘rnatiladigan sig‘imga ham bog‘liq.
Koronavirusga qarshi kurashishda dezinfeksion tunnellardan boshqa davlatlar foydalanganmi?
Dezinfeksion to‘siqlar, sanitariya tunnellari birinchi marta Xitoyda keng qo‘llanilgan, ammo keyinchalik samarasiz, deya voz kechilgan.
Masalan, 2020 yil aprelda Hindiston ham dezinfeksion tunnellar uchun buryutmalarni to‘xtatdi. Mamlakat tibbiy hamjamiyat vakillari zararsizlantiruvchi vosita odam uchun xavfli bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Bundan tashqari xlor shilliq qavati va teriga zarar yetkazishi mumkin.
Qozog‘iston, Rossiya kabi davlatlarda bunday tunnellar aholi gavjum maskanlarda o‘rnatilmoqda. Kompaniyalar va tadbirkorlar tomonidan ularning bir qancha qulayliklarga ega, zamonaviy namunalari taklif etilyapti. Misol uchun, Belgiyada gipermarketlar uchun xaridorlarning o‘zlari foylanadigan dezinfeksiya tizimi ishlab chiqarilmoqda. «Stay Safe Tunnel» dezinfeksion tunneli mijozlarga qo‘lni dezinfeksion gel bilan ishlov berishni, salfetkalar bilan savatlarni tozalashni taklif etadi. Tunnel oxirida mijoz to‘liq dezinfeksiyadan o‘tishi mumkin.
Qonunlarni bilmaslik jarimaga tortmaslikka sabab bo‘lmaydi
- Dezinfeksion tunnellar xodimlarning, muassasaga kelayotgan kishilarning salomatligini muhofaza qilish maqsadida qo‘yiladi, - deydi viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi Bekzod Hotamov. – Uskunada foydalaniladigan dezinfeksion eritma viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi tomonidan tavsiya etiladi. Bunday tunnellar bozorlarda, savdo do‘konlarida, bog‘chalarda, oshxonalarda, aholi gavjum tashkilotlarda quyilishi lozim. Afsuski, dezinfeksion tunnelarni o‘rnatmagan, o‘rnatib undan foydalanmayotgan tashkilotlar bor. Kuniga o‘ndan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan karantin qoidalariga rioya qilmaslik holatlari aniqlanmoqda. Ularga belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Bugun koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda barchamizdan o‘z vazifamizga mas’uliyat bilan yondashish, o‘zimizning, oilamizning, jamoamizning salomatligini o‘ylagan holda karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishimiz talab etiladi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.