Din bayrog‘i ostidagi har qanday buzg‘unchilik ijtimoiy barqarorlikni izdan chiqaradi
Bugungi kunda eng zamonaviy texnologiyalardan, kishilar uchun muqaddas hisoblangan tuyg‘ulardan faol foydalangan holda inson ongi va qalbi uchun olib borilayotgan kurash o‘ta nozik, xatarli ko‘lam kasb etmoqda. Turli mutaassib kuchlarning dinimiz asoslarini, Qur’oni karim oyatlari va hadislarning asl mohiyatini buzib talqin qilish, jamiyat hayotiga tahdid soladigan ishlarni islom bilan bog‘lashga urinayotgani ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi.
Mazhablarni butunlay rad etish, zamonaviy musulmon jamoalarini islomiylikni yo‘qotganlikda ayblash, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mavludlarini nishonlashni noto‘g‘ri, deb hisoblash ham ekstremistlar o‘z g‘oyaviy buzg‘unchiligida alohida e’tibor berayotgan masalalardan hisoblanadi.
Voqelik shuni ko‘rsatmoqdaki, Yer yuzining turli nuqtalarida davlatga qarshi targ‘ibot olib borish, jamiyat asoslarini, mamlakatdagi tinchlik va tartibni, mavjud tuzum va boshqaruv tizimini izdan chiqarishda ham islom dini g‘oyalarini g‘arazli talqin etish uslubidan faol foydalanilmoqda.
Din bayrog‘i ostida talonchilik va bosqinchilik, terrorchilik va qo‘poruvchilik harakatlari sodir etilayotgani, narkobiznes va noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi amalga oshirilayotgani, korxonalar va inshootlarga zarar yetkazilayotgani ham hech kimga sir emas. Bunday harakatlar ijtimoiy barqarorlikning izdan chiqishiga, millatlararo va dinlararo adovat, millatchilik, diniy ayirmachilik kayfiyatlarining shakillanishiga zamin yaratmoqda.
Jaholat, haddan oshish, g‘uluvga ketish, firqa va hizblarga bo‘linish, fitna hamda xiyonat zamonaviy ekstremizimning asl qiyofasini namoyish etuvchi xususiyatlardan hisoblanadi. Qasam ichirib, unga qat’iy rioya qilishni talab etish, zulm va zo‘ravonlik, ma’naviy-ruhiy bosim va tazyiq o‘tkazish bilan inson irodasini sindirish, berilgan ko‘rsatmani so‘zsiz ijro etishga tayyor manqurtga aylantirish uslublari, texnologiyalarini takomillashtirib borayotganlari esa mutaassib kuchlarning o‘z niyatlari yo‘lida har qanday razil ishlardan tap tortmasligidan dalolat beradi.
Bugun ham ekstremistik guruhlar o‘zining mudhish faoliyatini davom ettirayotgani zamonamiz ulamolarini mazkur masalaga yana murojaat qilishga, islom olamining yirik va obro‘li tashkilotlarini maxsus fatvolar va qarorlar qabul qilishga majbur etmoqda. Ular bilan tanishish musulmonlarga mavjud harakatlarning miqyosi va ko‘lamini anglashga yordam beradi. Loqaydlik va befarqlikka yo‘l qo‘ymaslikka undaydi.
Zayniddin EShONQULOV,
O‘zbekiston Musulmonlari idorasining
Samarqand viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi.