“Dinamo”ni to‘rt futbolchi tark etdi. Jamoaning keyingi rejalari qanday?

“Dinamo” jamoasi birinchi davra o‘yinlaridan keyin aksariyat futbolchilar bilan xayrlashdi.

“Dinamo” PFK axborot xizmati xabariga ko‘ra, mavsumning birinchi davra bahslaridan keyin jamoani samarqandlik yarimhimoyachilar Jasur Qurbonov, Akmal Kozimov hamda rossiyalik himoyachi Yevgeniy Nazarov va gruziyalik yarimhimoyachi Elguja Grigalashvili rasman tark etgan. Ushbu o‘yinchilar va klub o‘rtasidagi shartnoma o‘zaro kelishuvga ko‘ra ikki tomonlama bekor qilingan.

Pro liga 1-davra bahslarini 2-o‘rinda yakunlagan “Dinamo” jamoasining ikkinchi davra oldidan tayyorgarlik rejalari ma’lum.

30 iyun kunidan Toshkentda yig‘in boshlagan Vadim Abramov shogirdlari poytaxtdagi bir haftalik tayyorgarlik jarayonini 6 iyul kuni yakunlaydi. Ushbu yig‘inda “Lokomotiv-BFK”ga qarshi nazorat bahsi o‘tkazilishi belgilangan.

Mavsumning ikkinchi qismi oldidan asosiy tayyorgarlik jarayoni esa Qirg‘izistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. “Dinamo” jamoasi 10-24 iyul kunlari Issiqko‘lda o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishadi. Qo‘shni mamlakatdagi ikki haftalik yig‘inda nazorat o‘yinlari o‘tkazilishi, tarkibda o‘zgarishlar qilinishi rejalashtirilgan.