Dinimiz ekstremizm va terrorizmni qoralaydi

Terrorizmlotincha terror – qo‘rqinch, dahshat kabi ma’nolarni bildiradi. U siyosiy raqiblarni, muxoliflarni yo‘qotish yoki qo‘rqitish, aholi o‘rtasida vahima va tartibsizliklar keltirib chiqarish maqsadidagi zo‘ravonlik harakatlari (ta’qib qilish, buzish, garovga olish, qotillik, port­latish va boshqalar).

Ular qayerda faoliyat ko‘rsatmasin, asosiy maqsadi islom xalifalik davlatini barpo qilishdir. Vaholanki, butun islomning paydo bo‘lishida Alloh va bandalar o‘rtasidagi elchi (payg‘ambar) bo‘lgan Muhammad alayhissalom o‘zlarining bir hadisi shariflarida "Xalifalik mendan ke­yin o‘ttiz yil davom etadi, undan keyin podshohliklarga bo‘linib ketadi", deb marhamat qilganlar.

Ekstremizm va terrorizm domiga tushib qolgan kimsalar o‘z maqsadlariga o‘zaro nizolar, ixtiloflar keltirib chiqarib, qurolli to‘qnashuvlar orqali erishishni ko‘zlaydilar. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: "…kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabi, kim uni tiriltirsa, xuddi hamma odamlarni tiriltirgan kabi bo‘ladi…". (Moida surasi 32-oyat).

Mazkur oyatda islomning insonparvarligi ko‘zga tashlanadi. Ya’ni, bir kishini nohaq o‘ldirish butun jamiyatni o‘ldirish, bir kishini halokatdan saqlab qolish esa butun jamiyatni asrab qolishdir, deb ta’kidlanadi.

Afsuski, kommunikatsiya va informatsion texnologiyalarning tez sur’atlardagi taraqqiyoti g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarining kengayishiga turtki bo‘lib, geosiyosiy maqsadlarga bo‘ysundirilgan, inson qalbi va ongi uchun kurashlarning yangidan-yangi usul va vositalarining ko‘payishiga ham sabab bo‘lmoqda. Bu borada dindan foydalanishga urinish g‘oyat xatarlidir. Aksariyat holatlarda ushbu kurash qurolli tus olib, ko‘plab xalqlarning boshiga fojiali kunlarni solmoqda.

Masalan, Iroq va Suriya davlatlari hududida qariyb 8,5 million kishi terrorchi guruhlar to‘liq nazorat o‘rnatgan hududda, har qanday fuqaroviy huquq va erkinliklardan mahrum bo‘lgan holda kun kechirishga majbur bo‘lmoqda. Terrorchilar garovdagilarni qiynab o‘ldirish, xotin-qizlarni zo‘rlash kabi jirkanch va qabih ishlarga qo‘l urib, o‘zlarini e’tiqodi puch, imonsiz kimsalar ekanliklarini namoyon etmoqda.

Bugungi kunda dunyoda yuzlab terrorchilik tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning aksariyati islom niqobi ostida kurash olib boradi.

Bu tashkilotlar fitnalaridan ogoh bo‘lish maqsadida o‘sib kelayotgan yosh avlodga islom dinining asl insonparvarlik dini ekanligini, sof islomning mohiyatini tushuntirish lozim.

Bugungi dunyo yoshlarison jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avlod ekanligi barchamizga ayon. Ular ikki milliard kishini tashkil etadi. Bizning kelajagimiz yosh avlodning qanday inson bo‘lib kamolga yetishiga bog‘liq. Shunday ekan, yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun ularda mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz zarur. Zero, islom dini insoniyatni doimo ezgulikka chaqirib, tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga buyuradi.

Niyoz EShMURODOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

kalomshunoslik sho‘’basi ilmiy xodimi.