Diniy savollarga javob beruvchi Call-markaz ish boshladi

Yurtdoshlarimizning diniy savollariga javob berish maqsadida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan ibodatga doir shar’iy masalalarga telefon orqali javob berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Endilikda mo‘min-musulmonlarimiz bu borada o‘z savollariga ushbu Koll-markaz orqali javob olishlari mumkin.

Koll-markazning ish tartibi dushanba kunidan shanba kunigacha, soat 9:00 dan 17:00 gacha davom etadi (ibodat vaqtlari istisno qilinadi, dam olish kuni yakshanba).

Ushbu 78-150-33-44 telefon raqamlari orqali Koll-markazga qo‘ng‘iroq qilinadi va fatvo bo‘yicha malakali mutaxassislardan javob olinadi.

Darhaqiqat, islom ilm-ma’rifat dinidir. Inson o‘zi bilmagan narsasini so‘rab o‘rganishi kerak. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘rangiz!”, deb buyurgan (Nahl, 43).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bilimsizlikning davosi savoldir”, deya bayon qilganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Mashhur tobein Muhammad ibn Siyrin rahimahulloh esa shunday deganlar: "Shar’iy ilm din demakdir. Diningizni kimdan olayotganingizga e’tibor qarating!".

Alloh taolo ushbu loyihani barchamizga muborak aylasin.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi axborot xizmati.