Diniy ta’lim: Yoshlarning Qur’on, hadis ilmi, din haqidagi bilimlarini oshirish uchun barcha sharoit yaratilgan
Hadis ilmi maktabida xorijda diniy ta’lim olayotgan o‘quvchi va talabalarning turli diniy oqimlar, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligining oldini olish, ularning yurtimizda ta’limni davom ettirishlariga imkon yaratish masalalarini muhokama qilish maqsadida ularning ota-onalari va yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Uchrashuvda viloyat din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbari, DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat hokimining diniy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari hamda diniy ulamolar ishtirok etdi.
Dastlab viloyat hokimining diniy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Qodirov globallashuv davrida yoshlar tarbiyasi va ongiga bo‘layotgan tahdidlar, yot g‘oyalar qurboni bo‘layotganlar xususida to‘xtaldi.
- 2022 yilning iyun oyi holatiga ko‘ra, viloyatimizdan Misr Arab Respublikasiga diniy ta’lim olish uchun 187 nafar voyaga yetmagan yoshlar chiqib ketgan, - dedi B.Qodirov. - Tegishli ishchi guruh ishtirokida yoshlarning ota-onalari va yaqinlari bilan olib borilgan tushuntirishlar natijasida o‘tgan yil 60 nafar, joriy yilning o‘tgan davrida 43 nafar yoshlar oilasi bag‘riga olib kelindi. Shuningdek, joriy yilda 6 nafar voyaga yetmagan shaxsning xorijga chiqib ketishining oldi olingan bo‘lsa, 6 nafari Misr Arab Respublikasiga chiqib ketganligi aniqlandi. Misrga ketgan 16 nafar voyaga yetmagan yoshning ota-onasiga qonunchilik talablariga bo‘ysunmaganligi uchun tegishli tartibda javobgarlikka tortildi.
Tadbirda diniy ulamo va hadis maktabi talabalari tomonidan yurtimizda ham diniy ta’lim olish uchun barcha sharoitlar yaratilgani ta’kidlanib, ota-onalarga farzandining kelajagiga befarq bo‘lmasliklari tushuntirildi.
Uchrashuvdan so‘ng ishtirokchilar Imom Buxoriy muzey majmuasiga sayohat qildi va tadbir yakunida iftorlik dasturxoni yozildi.