Dollardan voz kechish – inflyasiyaga qarshi kurashda samarali uslub(mi?)

Hozirda jahon savdosidagi oldi-sotdining 70 foizi AQSh dollarida amalga oshirilmoqda. Lekin Amerika valyutasining vaziyati kundan-kunga zaiflashmoqda. Shu boisdan dollardan bir qator mamlakatlar voz kechmoqda. Jumladan, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Eron o‘zaro xalqaro hisob-kitoblardan Amerika valyutasini siqib chiqarmoqda va milliy valyutada muomala qilishga kelishib olishgan.

“Xo‘sh, bu borada O‘zbekistonning o‘rni qanday bo‘lishi kerak”, degan savolga Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Yormamat Xoliyarov o‘z munosabatini bildirdi:

“Xalqaro pul o‘tkazmalarida har bir davlat o‘z milliy valyutasi bilan hisob-kitob qilishiga o‘tishi xalqaro iqtisodiyotni yanada jadal rivojlantirishga turtki bo‘ladi. Shuningdek, bu yirik davlatlarning nisbatan kichik davlatlarga nisbatan ehtimoliy tahdidni yo‘qqa chiqaradi.

Demak, mamlakatimiz bank siyosati qonunchiligida yangi normalar va ularning amaliyotini sinab ko‘rish ustida Markaziy bank hozirdan ish boshlashi zarur va bu o‘ta dolzarb masaladir.

Iqtisodchilar, ogoh bo‘ling! Xorij valyutasi hukmronligi davri o‘zgarish payti kelmoqda. Tag‘in yana 30 yil qo‘l qovushtirib o‘tirdik, deya yer chizib yurmang. Bu inflyasiyaga qarshi kurashda samarali uslubdir.

Kutmang va yana bahona qidirmang!”.

“Adolat” SDP matbuot xizmati.