Donald Tramp Xitoyni koronavirusga kech e’tibor qaratganlikda aybladi

AQSh Prezidenti Donald Tramp 19 mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xitoyni koronavirusga kech e’tibor qaratganlikda va yangi virus haqida dunyo jamoatchiligiga o‘z vaqtida xabar bermaganlikda aybladi.

“Biz bu haqida bir necha oy ilgariroq xabar topganimizda, vaziyat ancha yengil bo‘lardi. U (virus) Xitoyning o‘sha aniqlangan joyida ushlab turilishi mumkin edi. Albatta, ular (XXR) qilgan ishi uchun butun dunyo o‘lkan haq to‘lamoqda”, dedi Tramp Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda.

“Ular shifokorlarga bu haqda xabar berishlariga yo‘l quymaganlari uchun butun dunyo qimmat haq to‘lamoqda. Ular bugun berayotgan xabarlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, kim biladi, bular (ma’lumotlar) haqiqat deb umid qilaman”, dedi so‘nggi kecha-kunduzda Xitoy hududida bironta ham COVID-19 koronavirusiga chalinganlar qayd etilmaganligi to‘g‘risida tarqatilgan xabarlarga urg‘u bergan Tramp.

Chorshanba kuni Tramp ma’muriyatining milliy xavfsizlik Kengashi Twitter ijtimoiy tarmog‘ida XXR hukumatini koronavirus haqidagi ma’lumotlarni yashirganlikda va yangi turdagi xavfli virus haqida xabar bermoqchi bo‘lgan shifokor va jurnalistlarga tazyiq o‘tkazganlikda aybladi.

2020 yilning boshida dastlab ijtimoiy tarmoqlarda keyinchalik jahon OAVda xitoylik shifokor Li Venlyan to‘g‘risida tarqalgan ma’lumotlar barchani larzaga soldi. O‘tgan yilning dekabr oyida Li Venlyan birinchi bo‘lib noma’lum virus avj olayotgani haqida xabar bergan. Biroq huquqni muhofaza qilish xodimlari uni yolg‘on ma’lumotlar tarqatishda ayblab tahdid qilishgan.

Fevral oyining boshida doktor Li koronavirus oqibatida vafot etdi.