Donolikni qayerdan o‘rganish mumkin?

Donolik xususiyatga ega bo‘lgan kishilarni hurmat qiladi, ulardan maslahat oladi. Odamlar ulardek bo‘lishni istaydilar, lekin hozirgi zamonda donishmandlik iborasiga boshqacha qarashadi. Chunki, ba’zan yosh bola hal etgan qiyin masalani kattalar yecholmaydi. Bunday vaqtda kimni dono deyish mumkin?

Donishmandlik haqida gapirganda ko‘z o‘ngimizga uzoq umr ko‘rgan, ko‘p narsani bilib, hammaga maslahat beradigan oq soqolli chol gavdalanadi. Shuning uchun xalq og‘zaki ijodidagi juda ko‘p rivoyatlar nuroniy donishmand bilan bog‘liq. 

Donolikni o‘rganish maqsadida bir o‘spirin yigit donishmand oldiga kelib, bu sifatga qanday erishish mumkinligi haqida so‘rabdi. Chol yigitga javob bermabdi.  Bu hol bir necha bor davom etibdi. Bir kuni chol yigitdan daryodan kechib o‘tishga yordam berishini so‘rabdi. Suvga tushib, eng chuqur joyiga borishganda, chol bor kuchi bilan yigitning boshini suvga botiribdi. Nafasi qaytgan yigit tipirchilab,  boshini suvdan chiqarishga urinibdi. Jon-jahdi bilan suvdan xalos bo‘lishni istagan yigitni chol qo‘yib yuboribdi va unga “dono bo‘lishni juda xohlasang, unga erishasan”, debdi. Bu juda oddiy hikoyat, inson faqat o‘z xohishi bilan dono bo‘lishi mumkinligiga ishoradir.

Donolikni o‘rgatadigan fan maktablarda yo‘q, uni faqat hayot o‘rgatadi.

Dono bo‘lish uchun voqea-hodisalarga ichki nigoh bilan boqish va ularni ichki sezgi bilan anglash kerak. Donolik favqulotda kelmaydi, aksincha, yillar davomida shakllanadi. Donolik insonga ezgulik qilish uchun berilgan. U orqali muammolar hal bo‘lib, baxtga erishiladi. Quyida donolikka ega bo‘lishga yordam beradigan bir necha tavsiyalar taqdim etilgan:

- vaqtingizni o‘zingiz uchun kerakli masalalarni yechishga sarflang. U shuning uchun berilgan.

- dono bo‘lishga ahd qildingizmi, shuni o‘zingizga maqsad qiling va uni amalga oshirishga bel bog‘lang. Donolik cho‘qqisiga chiqish zinapoyaning eng pastidan boshlanadi.

- faqat orzu va xom xayollar bilan yashamang. Harakat qilishni o‘rganing.  Har kuni foyda keltirgan halol ish sizni donolik sari yetaklaydi.

- aqlli va omadli odamlarning tajribasini o‘zlashtiring. Dono insonlarga duch kelsangiz, ularning gapi, qarori, maslahatlarini tahlil eting.  Shunda ularga o‘xshagingiz keladi, chunki ular juda oddiy odamlar ekaniga guvoh bo‘lasiz.

Xurshid NURULLAYeV tayyorladi.