Donorlik haqida afsona va haqiqatlar
Siz donorlik harakati haqida ko‘p narsa bilasizmi? Bu boradagi ko‘cha-kuyda eshitgan, qulog‘ingizga chalingan turli gap-so‘zlarga ishonasizmi? Ko‘pchilik donor va donorlik haqida kam bilganliklari sababli asoslanmagan mish-mish va afsonalarga ishonib, noto‘g‘ri xulosa chiqarishadi.
Afsona: “Qon va uning qismlarini topshirish vaqtida sariq kasalligi (gepatit V,S) VICh (odam immuntanqisligi virusi) bilan zararlanadi”.
Xaqiqat: Qon topshirish donor uchun xavfsiz bo‘lib, har bir donor uchun alohida bir martalik, steril qon olish uchun sistemalardan foydalaniladi.
Afsona: “Donorlik - bu og‘riqli jarayon”.
Haqiqat: Donorlik - bu juda oddiy muolaja. Minglab donorlar 40 va undan ko‘p martalab qon topshirishadi. O‘zlari uchun bilak sohasi ichki yuzasida jgut-tibbiyot vositasi siqib turgani va ukol ignasini joyini his qilib turishi kerak.
Afsona: “Donorlik - uzoq jarayon qon markazlari doim odamlarning ish yoki o‘qish bilan band bo‘lgan vaqtlarida ishlaydi”.
Haqiqat: Qon topshirish 15 daqiqadan ko‘p vaqt olmaydi, qonning qismlarini (plazma, trombotsit) topshirish 30 minutdan oshib, 1,5 soatga yetmaydi. Barcha ko‘ngillilar qon topshirishlariga imkon berish uchun har yili oliy o‘quv yurtlari, korxona-tashkilotlarda “Donorlik kunlari” o‘tkazilib kelinadi.
Afsona: “Mening qon guruhim keng tarqalgan, mening qonim keraksiz”.
Haqiqat: Aynan shunday qon har doim kerakli. Barcha guruhdagi qonlar keng tarqalganmi, yo‘qmi, unga hamisha muhtojlik bo‘ladi.
Afsona: “Qon topshirgandan keyin bemalol dam olish uchun uni faqat juma-shanba kunlari topshirish kerak”.
Haqiqat: Har qanday ish kunida qon topshirish mumkin. Qon topshirgandan keyin uzoq vaqt dam olish talab qilinmaydi. Qon topshirgandan keyin 10-15 minut o‘tirish kerak, kun davomida og‘ir jismoniy harakatlar qilinmaydi, ovqatlanish bo‘yicha oddiy tavsiyalar (ko‘p suyuqlik ichish, yengil hazm bo‘ladigan ovqatlar qabul qilish) bajariladi.
Afsona: “Donorlik zararli, doimiy qon topshirib turilsa, inson tanasida qon ko‘p ishlab chiqarilib, odam qon topshirishga o‘rganib qoladi”.
Haqiqat: Sog‘lom odamga qon topshirish zararli emas. Muntazam qon topshirish ko‘nikib qolishga olib kelmaydi. Kuzatishlar qon topshirish bilan bog‘liq xech qanday o‘zgarishlar donorlar sog‘lig‘ida kuzatilmagan. Doimiy qon topshirish organizmni ko‘p qon ishlab chiqarishga majburlamaydi, balki qonni tezroq qayta tiklashga o‘rgatadi.
Afsona: “Men faqat favqulodda holatlarda - terakt, avto va aviahalokatlar, shunga o‘xshash holatlar yuz berganda qon topshirishga tayyorman. Bu odatdagi tartibda qon topshirishdan muhimroq bo‘lib, ko‘proq insonlar hayoti saqlab qolinadi”.
Haqiqat: Bemor uchun har bir yo‘qotilgan daqiqa - favqulodda holat. Har qanday daqiqada, har qanday joyda jarohatlangan odam uchun qon yo‘qotish bilan baxtsiz hodisa yuz berishi mumkin. Qon va uning qismlarini topshirish bir qancha vaqt oladi, qon esa darhol kerak bo‘ladi. Donorlikning muntazam bo‘lishi favqulodda bo‘lmagan va favqulodda holatlarda jarohatlanganlar uchun ham doimiy qon va uning qismlarining zaxirasini ta’minlash uchun zarur. Bemorlar va jarohatlanganlar uchun qon butun yil bo‘yi kerak bo‘ladi. Shuning uchun xavfsiz donor qoni va uning qismlarini doimiy va yetarli miqdorda ta’minlashga ruxsat beradi.
Afsona: “Buning menga ahamiyati yo‘q”.
Xaqiqat: Har qanday insonga qaysidir lahzada donorlik qoni kerak bo‘ladi. Statistikaga ko‘ra, har uchta insondan bittasi hayoti davomida qon quyishga ehtiyoj sezadi. Bugun siz ham donor bo‘ling va yordam bering!
Maxtuma EGAMOVA,
Samarqand viloyati qon quyish markazi vrachi.