DTM: Abituriyentlar bularni albatta bilishi kerak!
* Abituriyent qabul komissiyasiga tegishli hujjatlarni topshirishi, topshirilgan hujjatlariga mos ma’lumotlar abituriyent bazasiga to‘g‘ri kiritilganini tasdiqlashi lozim. Qabul jarayoni tugagandan so‘ng abituriyentning murojaatlari (shikoyatlari) inobatga olinmaydi.
* Test topshiriqlari kitobidagi mavjud har bir fan 30 tadan test topshirig‘ini o‘z ichiga oladi.
* Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 60 ta test topshirig‘iga 2 soat va 90 ta test topshirig‘iga 3 soat vaqt beriladi.
* Agar javoblar varaqasidagi "belgilash uchun namuna" qoidasiga rioya etilmasa, jumladan, bitta test topshirig‘iga javoblar varaqasida tegishli doira bo‘yalmasa, ikki va undan ortiq doiracha bo‘yalsa yoxud to‘liq bo‘yalmasa, ushbu test topshirig‘iga ball berilmaydi.
* Test natijalari imtihonning ertasi kuniyoq Davlat test markazining rasmiy sayti (dtm.uz)da e’lon qilinadi va oliy ta’lim muassasalariga yetkaziladi.
* Abituriyentlar bino hududiga va bino ichiga faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti hamda shaxsni identifikatsiyalash vositasi, videofiksatsiya qurilmasi, metallodetektorlar orqali tekshirib kiritiladi.
* Abituriyentlar test sinovlari o‘tkaziladigan kuni tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena 13:00)gacha, binoga esa 07:30 (ikkinchi smena 13:30)gacha kirishi lozim.
* Har bir abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi. Boshqa vaqt va sanada test sinovlarida ishtirok etishi mumkin emas.
Abituriyentlar nimalarga javobgar?
Ayni paytda abituriyentlar oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun 1 avgustdan 15 avgustga qadar bo‘lib o‘tadigan test sinovlariga qizg‘in taraddud ko‘rmoqda. Bu yilgi imtihonga qator o‘zgartish, qo‘shimchalar kiritildi va avvalgi davlat imtihonlaridan farq qiladi.
Shu sababli barcha abituriyentlar quyidagilarga amal qilishi lozim:
*Javoblar varaqasini havorang pastali sharikli ruchka bilan to‘ldirish;
*Javoblar varaqasini buzmaslik, marker chizig‘iga yozmaslik, javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni bo‘yamaslik;
* Javoblar varaqasi bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat bo‘lgani uchun uni to‘g‘ri to‘ldirish;
*Belgilangan vaqt tugaguniga qadar test topshiriqlari kitobida mavjud test topshiriqlarini bajargan holda javoblar varaqasining mos tartib raqamidagi tegishli doirachalarini bo‘yab, test topshiriqlari kitobini va unga mos bo‘lgan javoblar varaqasini guruh nazoratchisiga topshirish;
*Test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 20 avgustdan 30 avgustgacha (11 kalendar kuni) muddatda shikoyat qilish huquqiga ega. Buning uchun poytaxtga borish shart emas. Qayerda istiqomat qilsa, o‘sha joyning o‘zida O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyasiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
*Abituriyent test jarayonida quyidagi huquqlarga ega bO‘ladi * Test topshiriqlari kitobidan qoralama sifatida foydalanish;
* Test topshiriqlarini belgilangan muddatdan oldin bajarish, undan so‘ng test materiallarini tartib bilan guruh nazoratchisiga topshirish hamda test sinovlari o‘tkaziladigan hududdan chiqib ketish;
* Binoda test sinovlarini to‘liq nazorat qilish maqsadida 30 nafar abituriyent uchun bitta videokuzatuv tizimi o‘rnatilgan. Test jarayonini abituriyentlarning ota-onalari ham on-layn tarzda kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi;
Abituriyentlarni test sinovlaridan chetlashtiradigan holatlar
*Test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki ularga yordam bersa;
*Test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtsa;
*Test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa;
*Test sinovlari jarayonida tartib va qoidalarga amal qilmaganligi videokuzatuvlar orqali aniqlansa;
Test sinovlari o‘tkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan bo‘lsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa.