Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dubaydagi oltin rom. U nima?

Dubay shahar aholisi va o‘z mehmonlarini hayratda qoldirishda to‘xtamayapti. Boshqa mavjud dovrug‘li bino va qurilmalar qatorida “Zabeel” bog‘ida joylashgan yana bir o‘ziga xos, tuzilishi ulkan foto ramka shaklida qilingan yangi “Dubay ramka”si allaqachon diqqatga sazovor joyga aylandi. Dubay romi 2018 yilning 1 yanvarida ochildi.

 

Loyiha juda ramziy ma’noga ega bo‘lib, eski va yangi Dubay o‘rtasidagi chegara oynasini ifodalaydi. U bir tomondan Burj Xalifa va Shayx Zayid yo‘li bo‘ylab osmono‘par binolar kabi zamonaviy diqqatga sazovor joylarni, boshqa tomondan esa shaharning eski qismlari (Burji Dubay va Deyra) ko‘rinishini taqdim etadi.

Inshoot balandligi 150 metr (bu Gizadagi Misr piramidasidan 11 metr balandroq), kengligi esa 93 metrdan iborat. Qurilish jarayonida 3 ming kvadrat metr laminatsiyalangan shisha, 9900 kub/metr sement, 2000 tonna po‘latdan foydalanilgan, qurilmaning sirti esa oltin bilan qoplangan.

Loyiha qiymati 40 million AQSh dollaridan ortiqni tashkil etadi. 7145 kvadrat/metr maydonni egallaydigan rom 48 qavatdan iborat, eng yuqoriga ko‘tarilish uchun 75 soniya kifoya.

Qiziq, uning ichida nima bor ekan?

Avvalo, tashqi tomoni bo‘m-bo‘sh karkasga o‘xshaydigan bino ichkarisida siz o‘zingizni eng so‘nggi texnologiyalardan foydalangan holda amirlik tarixi bilan tanishtiruvchi zamonaviy interaktiv muzeyda topasiz. Qiziqarli jarayon hech kimni befarq qoldirmaydi.

Qush uchadigan balandlikdagi ramkaning yuqori qismida shaharning keng manzarasi namoyon bo‘ladigan kuzatuv maydonchasi joylashgan. Ko‘rinish haqiqatan ham hayajonli va agar bunga u bo‘ylab yurishingiz mumkin bo‘lgan shaffof oynali polni qo‘shsak, kishi tanasi junbushga kelishi bor gap. Bundan tashqari, binoda ko‘plab interaktiv qurilmalar va kichik kafe bor.

“Kelajak galereyasi”dagi virtual reallik texnologiyalaridan foydalangan holda, tashrif buyuruvchilar shahar taxminan keyingi 50 yil ichida qanday o‘zgarishi rejalashtirilayotganini ko‘rishi mumkin.

“Dubay romi” har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha tashrif buyuruvchilar uchun ochiq. Unga kirish pullik - chipta uchun kattalar 14 dollar, bolalar uchun 6 dollar to‘lanadi. Keksalar va qo‘shimcha ehtiyojga ega odamlar "ramka"ga bepul kirishi mumkin.

Bahora tayyorladi.