Dunyo fiziklarining XX an’anaviy anjumani Samarqandda bo‘lib o‘tdi

Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti B.Yo‘ldoshev, SamDU rektori R.Xolmurodov va boshqalar Katta adron kollayderi loyihalari asosida muhim ilmiy natijalarga erishilayotgani, turli mamlakatlardagi mutaxassislar o‘rtasida hamkorlik mustahkamlanayotganiga to‘xtaldilar.

- Mazkur anjuman elementar zarrachalar fizikasi va yadro texnologiyalari sohasidagi zamonaviy tendensiyalar va yutuqlar bilan tanishish maqsadida tashkil etildi, - deydi Belarus davlat universiteti yadroviy masalalar instituti professori V.Yevarovskaya. - Unda ishtirokchilar sohada olib borilgan so‘nggi tad­qiqotlarni muhokama qilish barobarida turli mamlakatlarning yetakchi olim va mutaxassislarining hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, o‘zbek olimlarini yirik xalqaro loyihalarga keng jalb qilish ham ko‘zlanmoqda.

Tadbirda Katta adron kollayderida amalga oshirilayotgan tadqiqotlarda o‘zbek olimlari ham faol ishtirok etib, zamonaviy yadro va elementar zarrachalar fizikasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgani e’tirof etildi. Samarqand davlat universiteti talabalariga yadro fizikasi sohasidagi xalqaro dasturlarda qatnashish imkoniyatlari taqdim qilindi.

Fozil TILOVATOV.