Toyloqlik tadbirkor energiya resurslaridan o‘g‘irlagani uchun qamoqqa olingan
![](https://static.zarnews.uz/crop/4/f/720__80_4fdba4b484ce82ea235ecbb9464289b1.jpg?img=self&v=1739340994)
Eslatib o‘tamiz, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 2024 yilda 354 ta holat aniqlangan.
Shuningdek, 232 ta gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, 28,8 million metr kub tabiiy gazdan foydalanilgan hamda davlatga 58,6 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Xabar qilinishicha, prokuratura organlari tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlarni fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda. Xususan, Toyloq tumanidagi “E.L” xususiy korxonasi rahbari Sh.L. jamiyatga qarashli nonvoyxonadagi 7 ta tandirni tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, 760 million so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgan.
Holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sh.L. ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Viloyat prokuraturasi tadbirkorlarga murojaat qilib, faoliyati davomida energiya resurslaridan qonuniy tartibda va oqilona foydalanishni so‘ragan.
Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.